15:30 / 05.10.2018
11 596

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning fayzli uylari

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning fayzli uylari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz qoʻllari ila, sahobalar bilan birga tuya choʻkkan joyda masjidlarini bino etib, muborak uylarini qura boshladilar. Onalarimiz yer yuzidagi eng ulugʻ zot bilan birga oila qurib yashayotganlarini juda yaxshi bilishardi. Ularning uylarida insoniyatga qiyomatgacha ikki dunyo saodatini koʻrsatib beruvchi ilohiy dastur-Qurʼoni Karimning oyatlari nozil boʻlib turar edi. Ular yashab turgan uy oddiy uy emas, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari joriy etilib, hadislari soʻzlanib turadigan fayzli uy edi. Alloh taalo aytadi:

“Va uylaringizda tilovat qilinayotgan Allohning oyatlarini va hikmatini eslang” (“Ahzob” surasi 34-oyat.)

Onalarimiz uchun qurilgan birinchi uy Oisha roziyallohu anhoning uylari edi. U kichik boʻlishiga qaramay Alloh taoloning qiyomatgacha moʻjizasi boʻlib qoladigan samoviy kitobi - Qurʼoni Karimning koʻp oyatlari tushadigan muqaddas makonga aylandi. Shu kichik uyda Paygʻambar sollollohu vasallamning son-sanoqsiz hadisi shariflari vorid boʻldi. Shu kichik uy koʻplab sahobalarni Islom taʼlimotidan bahramand etdi. Bu uy masjidning sharqiy tomonida boʻlib, eshigi “Ravza” tomoniga qarab ochilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda eʼtikof turganlarida Oisha roziyallohu anho turgan uyga boshlarini uzatib yuvdirar edilar. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor boʻlganlarida ham shu uyni tanladilar. Oisha roziyallohu anho “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda va bagʻrimda olamdan oʻtganlar”, deb aytar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamdan oʻtganlarida sahobalar hayratga tushib qoldiar. Umar roziyallohu anhu eshik oldida turib, kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni olamdan oʻtdi desa, uni jazolayman deb turganlarida Abu Bakr roziyallohu anhu uyga kirib, oʻz kiyimlarida yotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrib, yuzlarini ochib, peshonalaridan oʻpib, ota-onam sizga fido boʻlsin ey Allohning rasuli oʻlim sizga ham yozilgan ekan deb chiqdilar va eshik oldida turib “Kim Muhammadga ibodat qilib kelgan boʻlsa, Muhammad olamdan oʻtdilar. Kim Allohga ibodat qilib kelayotgan boʻlsa, Alloh tirik oʻlmaydi”, dedilar. Soʻng ushbu oyatni tilovat qildilar:

“Muhammad paygʻambardir, xolos. Undan oldin ham paygʻambarlar oʻtgan. Mabodo, u oʻlsa yoki oʻldirilsa, ortingizni (kufrga) qaytib ketasizmi?! Ortiga qaytgani bilan hech kim Allohga sira zarar yetqaza olmas. Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaydi” (“Oli Imron” 144-oyat).

Umar roziyallohu anhu oyatni eshitgach, buni eshitmagan ekanman dedilar. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni dafn etish masalasi boʻldi. Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan har bir paygʻambar oʻz uyida dafn etilishi hadisni eshitganlarini aytdilar va uylarida dafn etishga kelishdilar. Oisha roziyallohu anho oʻsha uyda yashay boshladilar va orada biror toʻsiq yoʻq edi. Abu Bakr roziyallohu anhu olamdan oʻtganlarida istaklariga muvofiq boshlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yelkalari barobariga qoʻyildi. Oralarida biror toʻsiq qoʻyilmay Oisha roziyallohu anho “Bu kishi mening erim va bulari mening otam” der edilar. Umar roziyallohu anhu oʻlim yoqasida yotganlarida ikki sohiblari oldida dafn etilishlarini oʻgʻillari Abdulloh orqali izn soʻradilar. Oisha roziyallohu anhoning iznlari bilan Umar roziyallohu anhu olamdan oʻtganlarida Abu Bakr roziyallohu anhuning yelkalari barobarida dafn etildilar. Shundan soʻng Oisha roziyallohu anho qabr orasiga toʻsiq qoʻydilar. Ulamolarni aytishlaricha oʻsha muborak uyda yana bir boʻsh joy boʻlib, unda Iso alayhissalom dafn etilar ekanlar. Imom Termiziy sunanlarida Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan: “Tavrotda Iso alayhissalom Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam bilan dafn etilishlari yozilgan”, deb aytadilar.

U naqadar fayzli va sharafli uy ekanki, oʻz bagʻrida ulugʻ zot boʻlgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolarni olgan ekan. Moʻmin-musulmonlar Madinai Munavvaradagi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu vasallamning muborak masjidlarini ziyorat etar ekanlar, ular uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salom berish baxt va saodatdir. Hadisi sharifda u zot: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men oʻsha odamning salomiga alik olaman”, deganlar.
Jobir Elov tayyorladi

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning fayzli uylari