
Meni bitta g‘amli o‘y charchatadi,
Alamli, sitamli o‘y charchatadi.
Mehnatdan elimni qo‘rqitolmaysiz,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Ilohiy sabrga tan bergan samo,
Unga chikoradir ming bir muammo.
Arslonni indamay yiqadi, ammo
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Jim boqa oladi o‘n bolani ham,
Bir qarab chiqadi so‘ng dalani ham,
Yiqsa yiqoladi faqat bitta g‘am –
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Toshni kemiradi yo‘lidan chiqsa,
Suvni simiradi ko‘lidan chiqsa.
Jonvor tirik chiqmas qo‘lidan chiqsa,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Chidaydi yashasa ham zo‘rg‘a, arang,
Bardoshga yo‘g‘rilgan simlari tarang.
Shu – to‘yga kelganda boshlari garang...
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
O‘g‘lini uylaydi, to‘kilib qolar,
Qizini chiqarib bukilib qolar,
Bitta nuqta topib, tikilib qolar,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Demang, tashvish unda hovli, uyniki,
Uni hasham ezar, qo‘shiq, kuyniki.
Sochidagi oqlar faqat to‘yniki...
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar