20:55 / 14.11.2018
5 206

Qoʻshnilar qozisi

Qoʻshnilar qozisi
Bir qishloq ahli har juma, juma namozidan keyin yigʻilishga odatlanishgan edi. U majlisda kimning kimda bir haqi boʻlsa “Qoʻshnilar qozisi” nomi bilan mashhur boʻlgan bir qozi ularning orasida hukm qilardi.

Oradan juda koʻp vaqtlar oʻttiki hech kim bir shikoyat bilan bu qoziga murojaat qilmadi. Bu qishloq ahlining har biri oʻz haq-huquqlarni bilib olishdi. Baxt mana shu haq-huquqlarga rioya qilishlikka bogʻliq ekanligini tushunib yetishdi va bu holat to boshqa bir qishloqdan bir odam koʻchib kelgunga qadar davom etdi.

U notanish kishining ustidan shikoyatlar koʻpayib, qoʻshnilari uning hayot tarzidan norozi boʻla boshlashdi.

U inson esa nega odamlar undan rohatsiz boʻlayotganini va undan tobora nafratlanayotganlarini hech tushuna olmasdi.

Kunlarning birida qozi qishloqqa qaytdi, qarasa insonlar yangi kelgan musofirdan qattiq gʻazabda. Ular qozidan odatga teskari oʻlaroq jumadan oldin mahkama qilishini talab qilishdi.

Qozi rozi boʻldi, musofir ham keldi, qishloq ahli ham yigʻildi.

Qozi u odam ustidan tushgan shikoyatlarning koʻpligidan oʻziga-oʻzi: “menimcha bu musofir odam oʻldirgan, oʻgʻirlik qilgan va insonlarning obroʻsiga putur yetkazgan shekil, nima boʻlganda ham har ikki tomonni eshitmasdan turib hukm chiqara olmayman” dedi.

Birinchi shikoyatchi chiqdi: “Ey muhtaram qozi, bu qoʻshnim mening haqimga rioya qilmaydi!”.

Musofir dahshatga tushdi, u qachon qoʻshnisiga zulm qilganini yoki haqini yeganini eslolmasdi…

Qozi: “Nima qildi u?”

– Men undan bir ogʻir yukimni koʻtarib yuborishi uchun yordam soʻrasam, gʻalati qarab uyiga kirib ketdi…

Qozi: “Bu birinchisi, yana nima?”

Boshqa shikoyatchi: “Men undan qarz soʻragandim bermadi?!”

Qozi: “Yana bormi shikoyat? Sen (musofirga qarab) bularni eslab qolgin!”

Yana bir shikoyatchi: “Bir hafta kasal boʻldim, koʻrgani kelmadi, oʻgʻlim muvaffaqiyat qozondi, xursandchiligimga sherik boʻlmadi, otam oʻldi, kelib taʼziya bildirmadi, musibatimga sherik boʻlmadi, birga koʻmishga bormadi…”

Qozi: “Yana boshqa shikoyating bormi?”

– Boshqa aytadigan gapim yoʻq, qilmagan ishiga tuhmat qilishni xohlamayman.

Qozi: “Alloh sendan rozi boʻlsin, insonlarga qilmagan ishlari bilan tuhmat qilish Allohning gʻazabini keltiradi”.

Qozi musofirga qarab: “Qoʻshningni aytayotgan gapi tugʻrimi?”

Musofir: “Ey muhtaram qozi toʻgʻriku, lokin man unga zulm qilmadim, uni urmadim, uning uyiga iznisiz kirmadim, bogʻidagi bironta daraxtning shohini kesmadim, undan qarz olmadimki uni toʻlamay choʻzib yursam, qanday qilib men uning haqiga rioya qilmayman?!”

Qozi: “Sening aytgan gaplaring yaxshi, lekin qoʻshniga zulm qilmaslikning oʻzi yetmaydi va bu ularga yaxshilik qilish deganini ham anglatmaydi. Baʼzan ular yordamga yoki pulga muhtoj boʻlishadi, qachonki sen ularga yordam bermasang yoki qarz berishdan bosh tortsang, ularga qiyinchilik-tangchilik yaratgan boʻlasan. Sen shunga rozimisan?!”

Musofir: “Albatta yoʻq…”.

Soʻngra qozi boshqa bir shikoyatchini shikoyatini eshitish uchun chiqib gapirishiga izn berdi.

Yoshi anchaga borib qolgan bir otaxon chiqdi:

– Ey muhtaram qozi, sizdan iltimos qilaman menga bu qoʻshnimning ozorlaridan qutilishimga yordam bering, u ertayu-kech menga ozor beradi, mening hayotimni barbod qildi, farzandlarimni menga teskari qilib qoʻydi, uyimdan barakani qochirdi.

Musofir odam otaxonning gapidan hayratda qoldi, u otaxonni haftada bir marotaba yo koʻrardi yo koʻrmasdi, u otaxonning hayotiga aralashganini, farzandlari bilan gaplashganini eslolmasdi ham.

Qozi musofirga qarab: “Shu gaplar toʻgʻrimi?” deb soʻradi.

Musofir: “Ey muhtaram qozi, bu otaxoning gaplarini umuman tushunmadim, qoʻllarida dalillari bor ekanmi?!”

Qozi: “Otaxon dalilingiz bormi?”

– Ha muhtaram qozi, bu odam mendan quyosh va havoni toʻsib qoʻydi…

– Qani dalilingiz?

– Quyosh va havoning Robbisi kim?

– Hamma narsani yaratgan Alloh taolodir.

– Nega unda bu odam mendan bularni toʻsib qoʻyadi?!

– Qanday qilib…?

– U uyini baland qilib qurib olgan, mendan iznsiz devorlarini ham baland qilib qurgan. Mening faqirona uyimdan quyosh nurini va yoqimli shamollarni toʻsib qoʻygan.

Qozi: “Ey otaxon, yana nima shikoyatingiz bor?”

Otaxon koʻzlari yoshga toʻlib: “U menga faqirligimni va muhtoj ekanligimni bildirib ozor beradi”.

– Qanday qilib?

- U kabob pishiradi, pishirgan kabobining hidi hammayoqqa taraladi, natijada bizning yegimiz keladi va qoʻlimizdagi ozgina ovqatga sabr qilamiz. U hech ham, biz ham unga oʻxshagan odam ekanimizni eslamaydi. Biron marotaba pishirgan narsasidan berishni oʻylamaydi.

Qozining yuzida hafagarchilik alomati koʻrindi, oʻsha yerda hozir boʻlganlar taʼsirlandi va haligi musofir esa otaxonni gapidan yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi.

Oʻsha yerdagilarning koʻzlari musofirga qaratildi, musofirning yuzlari esa hijolatdan qizarib ketgandi.

Otaxonning ikki koʻzi yoshga toʻlgan edi…

Qozi musofirga qarab: “Qoʻshni otaxonning gaplari toʻgʻrimi?”

Musofir past ovozda: “Ha toʻgʻri, men qilgan ishimdan Allohga istigʻfor aytaman…”

Qozi: “Sening ustingda shariat belgilab bergan juda koʻp qoʻshni haqlari bor. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam doimo qoʻshniga yaxshilik qilishga buyurardilar...

Endi (yaxshilik qilish u yoqda tursin) qoʻshnining haqlarini buzayotgan odam haqida nima deysan…?!”

Qissadan hissa hozirgi zamonamizda qoʻshnilar haqqi juda koʻp poymol etilyapti, qoʻldan kelgancha yomonlik qilish, zulm qilish, eng kamida gʻiybat qilish holatlari koʻp uchraydi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Uning yomonliklaridan qoʻshnilari omonda boʻlmagan kimsa jannatga kirmaydi” deb marhamat qilganlar... (Muslim rivoyati)
Abdulloh Kamol sahifasidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qoʻshnilar qozisi