00:47 / 26.01.2019
5 504

Sudxo‘rning tavbasi

Sudxo‘rning tavbasi
Hasan Basriy (quddusa sirruhu) hazratlarining talabalaridan biri Habibi Ajami hazratlari avval juda badavlat kishi bo‘lgan. Sudxo‘rlik bilan shug‘ullanib, foizga pul berardi. Bir kuni ayni ovqat mahali eshigiga bir tilanchi keldi va Alloh yo‘liga sadaqa istadi.

Habib tilanchining yuziga eshikni yopib, faqirni qayg‘uga qo‘yib bo‘sh qaytardi. Dasturxonga qaytib o‘tirganida, idishdagi ovqat qonga aylangan edi. Bu hodisadan dahshatga tushib, qattiq qo‘rquv bosdi Habibni. O‘rnida turolmadi. Bir juma kuni Hasan Basriy hazratlarining uyiga yo‘l oldi.

Yurib borayotganida o‘sha atrofda o‘yin o‘ynayotgan bolalar, Habibi Ajamini ko‘rib, bir-birlariga:
– Qochinglar, Habib sudxo‘r kelyapti! Oyog‘ining gardi bizga qo‘nsa biz ham uningday badbaxt bo‘lamiz, – deb qochdilar.
Bolalarning malomatlari Habibni qayg‘uga qo‘ydi.

Hasan Basriyning suhbatlariga borib, qo‘llarini tavof qildi. U zotning huzurida tavba qildi. Hasan Basriy (quddusa sirruhu) uni shogirdlikka qabul qildilar.
Uyiga qaytayotganida undan qarz olgan qarzdorlar, qarzi va foizini so‘rashidan qo‘rqib qocha boshladilar.

Habibi Ajami ularga javoban:
– Qochmanglar, bugun aslida men sizlardan qochishim kerak edi, – dedi. – Va kimga qarz bergan bo‘lsa, hammasidan kechganini aytdi.

Bolalarning yonidan o‘tib ketayotganida, bu gal bir-birlariga:
– Qochinglar, tavba qilgan Habib kelyapti. Oyog‘imiz changi ustiga qo‘nmasin. Qo‘nsa biz Allohga gunohkor bo‘lamiz, – deya qochishdi. Bu so‘zlarni eshitib, Habibning ko‘zlaridan yosh oqdi.

Chin yurakdan, yig‘lab Allohga hamd aytdi:
– Ey Robbim! Senga cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin! Bir tavba bilan nomimni yomonlar orasidan o‘chirib, yaxshilar orasiga qo‘shding!
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sudxo‘rning tavbasi