16:00 / 07.02.2019
8 377

500 dollarlik mushuk...

500 dollarlik mushuk...
Nozima kelinlik uyiga quvonib nazar soldi. Hozir undan baxtli odam yo‘q. Axir ko‘nglidagidek insonga turmushga chiqdi. Barchasi u orzu qilgandek.

Oyog‘i ostida suykalayotgan allambalo junli, ranglari antiqa mushukni ko‘rdi-yu, «ha, jonivor, qorning ochdimi?» deb sergo‘sht, seryog‘ mantidan ikkita berdi. Ammo hamma g‘alva shundan keyin boshlanishini qizgina tush ko‘ribdimi?

Kechga borib «Voy dod!» degan hayqiriq xayolini boshidan uchirdi. Qaynonasining ovozi janob mushukning xonasidan kelayotgandi. (Mushukning alohida xonasi bo‘lishini Nozima shu yerda bildi). Kelinchak jon holatda o‘sha yoqqa yugurdi. Qarasaki mushuk yerda cho‘zilib yotibdi. Jon taslim qilibdi jonivor.

Qaynonasi mo‘ltirab turgan Nozimaga qarab: - Nima qilding mushugimni, juvonmarg?- deganda kelinchak dag‘-dag‘ titray boshladi.

- Manti bergandim xolos. Yangi pishgan mant...!
- He, manting boshingdan qolsin! Qishloqi! Shumoyoq!

Qaynonasining chinakamiga yig‘lashga tushganini ko‘rgan butun oila yig‘ildi. Hammasi bir bo‘ldi-yu, qaynisinglisining «bu mushuk sizdan qimmat turardi, kelinoyi!» degani oshib tushdi. Qaynonasi esa shu kuni uni uydan haydadi.

Masalaga mahallaning kayvonilari, ko‘pni ko‘rgan qariyalar aralashib ham hal qilisholmadi. Nozimaning homiladorligini bilgan qaynonasi bir kelib xabar olmadi. Eri kelib ketib yurdi.
Nozimaning oyi kun yaqinlashib o‘g‘il ko‘rdi. Ota-onasi amallab qaynonasini bosh nevarasini ko‘rishga ko‘ndiribdi. Juvon chaqalog‘i bilan kelinlik uyiga qadam qo‘yarkan, bir mushukni deb shuncha azobga qolganiga ishongisi kelmadi. Shu payt miyovlab oyog‘iga suykalgan mushukdan o‘takasi yorildi. Chaqalog‘ini qo‘lidan tushirib yuborishiga sal qoldi.

Qaynonasi esa: - Bu 500 dollarlik mushuk. Yangisini oldik. Ovqati 200 dollar turadi- dedi jerkibroq.
Nozima ich-ichidan qadriga yig‘lagancha semiz, erka mushukka qarab qoldi!
Saida IBODINOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » 500 dollarlik mushuk...