12:00 / 25.06.2019
8 099

Qayta tirilish haqida Islomda nimalar deyilgan?

Qayta tirilish haqida Islomda nimalar deyilgan?
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Banda to‘rt narsaga iymon keltirmagunicha: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va albatta, mening Allohning Rasuli ekanligimga, U Zot meni haq ila yuborganligiga shahodat keltirmaguncha; o‘limga iymon keltirmaguncha; o‘limdan keyin qayta tirilishga iymon keltirmaguncha va qadarga iymon keltirmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar».
Ahmad, Termiziy, Ibn Moja va Hokimlar rivoyat qilishgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida mo‘min-musulmon kishi iymon keltirishi lozim bo‘lgan to‘rt narsani alohida ta’kidlamoqdalar.

Shu to‘rt narsa ichida qadarga iymon keltirish ham bor. Hadisning avvalida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam eshituvchiga kuchli ta’sir qiluvchi oliy uslubni ishlatmoqdalar. Ya’ni «Banda to‘rt narsaga iymon keltirmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», demoqdalar.

Bu komil iymon ushbu to‘rt narsadan iborat, degani emas, albatta. Lekin mazkur to‘rt narsaga iymon keltirish o‘ta muhim ekanligini, bularsiz iymon haqida so‘z ham ochib bo‘lmasligini ta’kidlashdir. So‘ngra o‘sha to‘rt narsani batafsil bayon qilishni boshlaydilar.

1. «Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va albatta, mening Allohning Rasuli ekanligimga, U Zot meni haq ila yuborganligiga shahodat keltirmaguncha».
Bu tavhid kalimasidir, iymonning aslidir, insoniyat uchun eng zarur narsadir. Shu narsaga iymon yo‘q ekan, boshqa narsalarga ham iymon bo‘lmaydi. Mana shu shohidlik bo‘lmasa, amallar ham qabul qilinmaydi. Insoniyat faqat Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilishi, faqat Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxirgi Payg‘ambar deb bilishi kerak. Alloh u zotni haq din bilan yuborganini tan olishi lozim. Kim shuni tili bilan aytib, dili bilan tasdiqlasa, mo‘min bo‘ladi, aks holda mo‘min bo‘la olmaydi.

2. «O‘limga iymon keltirmaguncha».
Ya’ni o‘limning haq ekanligini tan oladi. Ana shunga ishonib, o‘limni ko‘z oldiga keltirib yashaydi. Bu har bir inson uchun vojib e’tiqod ekanligini va uning nihoyatda zarur ekanligini ta’kidlashga hojat bo‘lmasa kerak. O‘limga ishonmagan, uni ko‘z oldiga keltirib yashamagan odamdan yaxshilik kutib bo‘lmaydi.

Xalq ichida yomon odamlar haqida «O‘lmayman deb o‘ylarmikan», degan gap yuradi. Bu uning yomonligi o‘limga iymoni yo‘qligidan deb bilishdandir. O‘limni eslash har bir inson uchun o‘ta zarur bo‘lganidan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘limga iymon keltirishni to‘rtta muhim narsa ichida, Allohga va Rasulga iymon keltirishdan keyin zikr qilmoqdalar.

3. «O‘limdan keyin qayta tirilishga iymon keltirmaguncha».
Agar bu iymon bo‘lmasa, o‘limga ishonishning ham hojati yo‘q. O‘lgandan keyin qayta tirilishga ishonish bu dunyoda qilingan ishlarning so‘roq-savoliga ishonish demakdir. Bu esa o‘z navbatida insonni doimo yaxshilik qilishga chorlovchi omildir. Agar dunyodagi yomonliklar asosan o‘lgandan keyin qayta tirilishga iymon yo‘qligi yoki uning zaifligidan kelib chiqadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shuning uchun ham ushbu hadisi sharifda qayta tirilishga bo‘lgan iymon alohida ta’kidlanmoqda.

4. «Qadarga iymon keltirmaguncha».
Bu qadarga bo‘lgan iymonning naqadar muhimligining yana bir bor ta’kididir. Bu haqda ushbu bobning avvalidan boshlab so‘z yuritib kelinmoqda.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar va uning hikmatlari yuqoridagi fikr-mulohazalardan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
“Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘’jizalar” kitobidan

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qayta tirilish haqida Islomda nimalar deyilgan?