20:53 / 05.06.2020
2 522

"Love yourself" kompaniyasi

"Love yourself" kompaniyasi
- Kelinposhsha, qarang, sizni eshik oldida chaqirishyapti.
- Xo‘p bo‘ladi, dedi-yu qo‘lidagi chalmani tandirga qo‘yib, yo‘l yo‘lakay qo‘llarini yuvib, darvoza tomon yo‘naldi. Ostonada uni ikki zamonaviy ayol kutib turishardi.
- Assalomu alaykum, kelinglar, xush kelibsizlar, - deya jilmayib kutib oldi
- Salom. Biz kosmetika, parfumeriya ishlab chiqaruvchi kompaniyasidanmiz, - dedi qora ko‘zoynak taqqan ayol. Ismingiz nima?
- Guloyim.

- Juda chiroyli ismingiz bor ekan, opa. Bizda siz uchun ajoyib narsalar bor, - deya sumkasidan birin-sirin bejirim qadoqdagi mahsulotlarni ola ketdi nariginisi. - Mana bu yuz uchun kunduzgi krem, bunisini kechqurun surtasiz, lekin uni surtishdan avval mana bunisi bilan yuzingizni tozalab olasiz, bunisi oziqlantiruvchi niqob, yuzingizni bir haftada ikki marta mana bu skrab bilan tozalaysiz, yuzga sovun ishlatish mumkin emasligini bilasiz-a? Bu esa ko‘z atrofidagi ajinlar uchun.

Guloyim hech birini eslab qola olmadi. Bitta yuzga shuuuncha narsami, to‘g‘rirog‘i ikki yuzga.
- Kunim yuz parvarishlash bilan o‘tarkanda, - deb yubordi bexosdan.
- Opa, bularni ishlatsangiz yuzlaringiz yosharadi, mana bular esa qo‘l krem, bunisi charchagan oyoqlar uchun. Bir narsa so‘rasam, yoshingiz nechada, opajon?!
- Yigirma yetti yoshman, dedi Guloyim negadir aytishga ikkilanib.
- Voy tavba, opa emas, singil ekansiz-ku, biz ikkimiz ham o‘ttiz to‘rt yoshmiz.

“Ha endi, qush uyasidek kichkina “dom”da bir ish qilmay yashagandan keyin, sen yosharmay men yosharaymi.”
- Opalar, bularingiz qancha o‘zi?
- Bular hammasi yuz uchun to‘plam, atigi 210 ming turadi, qo‘l va oyoq kremlar ancha arzon.
- Ohho, bu pulga bir qop un olsa bo‘ladi-ku, deb yubordi yana o‘zini bosolmay.
- Mayli unda Guloyimxon, o‘zingiz bilasiz, lekin ayol kishi o‘ziga qarab yurishi kerak, latofatli va dilbar ko‘rinishga ega bo‘lsagina hammaga yoqadi. Yuzingizga sira e’tibor bermas ekansiz. Qarang, qorayib, ajin tushib ketibdi.

Guloyimning ustidan muzdek suv quyilgandek bo‘ldi. Nima deyishini, nima qilishini bilmay qoldi.
- Biz yana kelamiz, o‘ylab ko‘ring, dedi-yu ikki ayol ortiga o‘girilib keta boshladi.

Guloyim u yerda qancha turdi bilmaydi, birdan xamiri oshib ketgani esiga tushdi. Tandir qalab, o‘t yoqdi, olov tushguncha, nonlarni yasab, darrov yopib oldi. Bu vaqt ichida xayoli faqat boyagi suhbatda edi. Balki ular haqdirlar, rostdan ham o‘ziga qarab yurmagani uchun ko‘pincha kamsitilishga uchrar.

Ishlarini tugatgach, hovlidagi ko‘zguga qaradi. Ha, ularning gapida jon bor. Ko‘zgudagi aksi unga qarab do‘q urdi: bugundan boshlab o‘zingga qara, yuzlaringni, qo‘llaringni parvarishla, degandek chimirildi. Afsus, boyagi narsalarni sotib olmadida. Lekin chiroy uchun aynan o‘sha mahsulotlar bo‘lishi shartmi?

U bolaligida ammalari qo‘llagan usullarni bir-bir esladi, turmush o‘rtog‘ining telefonini yashirincha olib internetdan ancha ma’lumot oldi va reja tuzdi. Ertadan boshlab u boshqa ayolga aylanishga qaror qildi.

Erta tong. Guloyim barvaqt turib uy ishlariga sho‘ng‘idi, sigir sog‘di, sut ustidagi ko‘pikdan olib yuziga surtdi. Nonushtaga ajoyib quymoq tayyorladi, tuxum po‘chog‘ini olib qo‘ydi va vaqt topib unda qolgan jindek massani yuziga surtdi. Undagi o‘zgarishni qaynona allaqachon sezdi. Kechagi gaplarni sal nariroqda eshitgandi, keliniga rahmi kelib, shartta o‘sha kremlarni ham olib bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin hali pensiyasini olmagan edida, aksiga olib o‘g‘li ham uyda emasdi. Sho‘rlik kelin, haqiqatdan tinmaydi, bolalar, uy ishlari, dala, hammasini eplaydi boyaqish, ha, shu tashvishlarga ko‘milib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, kelinginam, deya xayolidan o‘tkazdi u. Keyin diliga tugib qo‘ydi, nafaqa olay, albatta kelinimga o‘sha kosmetika-yu kremlarini olib beraman.

Bu orada Guloyim tushlik uchun taom va salat tayyorladi. Bodringni archib, po‘stini yuziga surtdi. Ovqatlangach hamma dam olgani kirib ketishdi, kelin idishlarni yuvub, qatiqdan bir parcha matoga ozroq solib yerga qo‘yib qo‘ydi. Sal suvi ketgach, uni ham yuziga surtdi.

Ertasi kuni ham shunday tabiiy niqoblar tayyorlab yuzlarini parvarishladi. Kartoshka va asaldan, mevalardan, hatto tovuqlar yeydigan kepakdan ham yuz uchun foydalandi. Qaymoqlardan kuppi pishdi, undan chiqqan sariyog‘dan qaynonasidan so‘rab bir piyola oldi, uni qo‘liga krem sifatida ishlatdi. Atirgul gulbarglaridan gulob tayyorladi. Qosh va kipriklariga o‘sma qo‘ydi. Nafsilambrini aytganda, Guloyim haqiqiy gul oyimga aylana boshladi.

Uning kundan kunga go‘zallashib borayotgani atrofdagilarni hayron qoldirar, faqat qaynona hammasidan xabardor, iloji boricha keliniga imkon yaratib berishga urinardi.
Ajoyib kunlarning birida yana darvoza taqilladi. Guloyim labbay deb ularga yuzlandi.
- Salom, bizga Guloyim kerak edi, siz singlisi bo‘lsangiz kerak, - deyishdi tanish ayollar.

Guloyim ularni ko‘rib allanechuk bo‘lib ketdi. Chunki avvaliga ularning gaplaridan juda xafa bo‘lgan edi, lekin shu turtki bo‘lmaganida hozirgi o‘zgarish qayoqda edi. Guloyim ularga o‘sha mahsulotlarsiz ham go‘zal bo‘lish mumkin ekanligini, muhimi o‘ziga e’tibor va mehr berish kerakligini tushuntirib qo‘yishni istagan edi. U nafaqat yuziga, balki kiyimlariga ham jiddiy ahamiyat berishga odatlandi.

- Assalomu alaykum, yaxshimisizlar opajonlar. Men o‘sha Guloyimning o‘ziman, - dedi jilmayib.
Ayollarning ikkisi ham qora ko‘zoynaklarini birdan olishdi. Ko‘zoynak ortida hayrat to‘la ko‘zlar Guloyimni boshdan oyoq “rentgen qilib chiqdi”.
- Voy buncha o‘zgarib ketdingiz, juda chiroyli bo‘lib ketibsiz, o‘n yoshga yosharibsiz! Qaysi kompaniyaning mahsulotlarini ishlatdingiz? Yo bizdan keyin boshqalar kelganida kremlarni ulardan oldingizmi?
- Yo‘q, men umuman boshqa kompaniyaning mahsulotlarini ishlatayapman, ular ancha arzon va samarali.

Nafaqasini dastro‘moliga tugib kelayotgan qaynona ham birdan to‘xtab qoldi.
- Qaysi kompaniya, aytaqoling endi?
Kecha xo‘jayinidan ingliz tilida “o‘zingni sev” qanday aytiladi deb so‘rab olgandi.
- Love yourself kompaniyasi, mayli yaxshi yuringlar, - dediyu, ortiga burilib mamnun holda uyga kirib ketdi. Hovlida qaynonasi jilmayib keliniga qarab turardi.

Muallif Dilorom Begmatova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Love yourself" kompaniyasi