09:23 / 17.05.2021
3 066

Kiyim xarid qilishda xatoga yo‘l qo‘yishning 7 sababi


Foto: Cosmopolitan
Xaridlar muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun oqilona fikr yuritish kerak. Quyida esa qanday qilib behuda vaqt va pul sarflamaslik hamda foydasiz xaridlardan qochish kerakligi haqida ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Birinchi duch kelgan do‘kondan xarid qilish
Bu dangasalikning ham belgisi. Biror narsa sotib olishdan avval bir necha do‘konlarni aylanib chiqishga erinchoqlik qilmaslik zarur. Shundagina sotib olinishi kerak bo‘lgan buyum assortimentini tomosha qilish va ularni taqqoslash imkoni paydo bo‘ladi. Agar savdo markazlarida yurish ortiqcha jismoniy ish bo‘lsa, u holda onlayn xarid qilish ham mumkin. Faqatgina onlayn savdoda kataloglarni ko‘rib chiqish uchun ko‘proq vaqt sarflanadi.

Kerakli buyumlar ro‘yxatini tuzmaslik
Do‘konga kirgan zahoti har kim ham nima sotib olish kerakligi yodidan chiqib, butunlay keraksiz narsalarni xarid qiladi. Bu ham eng katta kamchilik bo‘lib, aslida nima kerak va nima muhim emasligi haqida yaxshilab o‘ylab, reja tuzib olish zarur. Balki xarid qilinishi kerak bo‘lgan narsalar ro‘yxatini ham tuzish kerak. Ushbu usul pulni tejashga va xarid chog‘ida keraksiz narsa sotib olmaslikka yordam beradi.

Qimmat degani yaxshi degani emas
Haqiqatan ham ayrim narsalar bahosiga yarasha sifatli bo‘ladi. Ammo doim ham shunday bo‘ladi degani emas. Aksariyat hollarda sifatli narsalar ham arzon bo‘lishi va bu bilan pulni tejash ham mumkin. Kerakli kiyim, masalan, oddiy oppoq futbolka xarid qilish uchun mashhur brend nomiga e’tibor berish tavsiya etilmaydi. Shunchaki, oq va paxta matoli futbolkalar ham ulardan deyarli farq qilmaydi. Ammo bu borada pul tejaladi.

Trendlarni kuzatib borish
Hech qachon kiyim-kechaklarni zamonaviy bo‘lganligi uchun sotib olmaslik kerak. Avvalo, tashqi ko‘rinishga mosligi va qulayligiga e’tibor qaratish zarur. Misol uchun, yelka qismi hajmli bo‘lgan bluzkalar yelkalari keng va gavdali qizlar uchun to‘g‘ri kelmaydi. Ular qomatni yanada xunukroq ko‘rsatib qo‘yishi ham mumkin.

Yangiliklarni sinab ko‘rishdan qo‘rqish
Do‘kondan doim odatdagidek libos sotib olish ham yana bir kamchilikdir. Yangi uslubni sinab ko‘rishdan cho‘chimaslik zarur. Chunki xatolar tufayli inson o‘z ustida ishlaydi va tajribalar orttiradi. Bu narsa mos kelmaydi, deb oldindan qaror chiqarishga shoshmaslik kerak. Masalan, hamisha qora yoki jigarrang kiyim kiyishni odat qilgan qizlar o‘zini yorqin ranglardagi libos bilan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu kabi tajribalar foydali bo‘lib, shaxsiy uslubni shakllantirishga yordam beradi.

O‘lchamga mos kiyim tanlash
Odatda kiyimlarga bir xil o‘lcham yozilsa-da, aslida ular tubdan farq qilishi mumkin. Shuning uchun raqamlarga emas, balki uni tanada qanday turishiga ahamiyat berish zarur. Chunki ba’zi hollarda bir xil o‘lchamli kiyimlarning biri tor, ikkinchisi esa aksincha ham bo‘ladi. Natijada mos kelmagan kiyimlar garderobni to‘ldirib turishdan boshqasiga yaramaydi.

To‘plamlar haqida o‘ylamaslik
Kiyim sotib olayotganda, ularni nimalar bilan kiyish haqida ham fikr yuritish lozim. Masalan, xarid chog‘ida sariq rangli bluzka yoqib qolgan bo‘lishi mumkin, ammo garderobda u bilan mos keluvchi hech narsaning bo‘lmasligi bluzkani mutlaqo foydasiz kiyimga chiqaradi. Ehtimol, garderobning yuqori qismidan yana bir necha shu kabi kiyimlar ham joy olib ulgurgandir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kiyim xarid qilishda xatoga yo‘l qo‘yishning 7 sababi