1 133
AQSHning Indiana shtati O‘zbekiston bilan savdo, sarmoyaviy va ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlamoqda
Foto: «Dunyo» axborot agentligi
O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Indiana shtati poytaxti Indianapolis shahridagi Xalqaro markaz prezidenti Martin Bayer, taraqqiyot va tashqi aloqalar bo‘yicha vitse-prezident Svetlana Ramer, mijozlar va hamkorlar bilan ishlash bo‘yicha vitse-prezident Kolin Renk bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Elchixonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, suhbat avvalida Amerika vakillari O‘zbekistonda jozibador sarmoyaviy va farovon ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sanoatiga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, akademik sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olingan.
Martin Bayerning ta’kidlashicha, u rahbarlik qilayotgan markaz yarim asr davomida Indiananing xalqaro aloqalari uchun katalizator bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Markaz korxona, tashkilot va davlat idoralari, shuningdek, universitetlar bilan hamkorlikda ish olib borib, shtatning turli dastur va xizmatlar orqali global manfaatlarini kengaytirmoqda.
Indiana shtatida dunyoning 38 ta davlatidan 1000 dan ortiq xorijiy kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda, 30 mingdan ortiq chet ellik talaba tahsil olmoqda, hududning 30 dan ortiq shaharlari bilan xalqaro birodarlik aloqalari o‘natilgan. Martin Bayer, shuningdek, Xalqaro markaz Indiana shtati bilan barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni ta’minlashini bildirgan.
Amerika vakillari qishloq xo‘jaligi sohasini o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ta’kidlagan. Martin Bayerning so‘zlariga ko‘ra, Indiana yerlarining 80 foizi dehqonchilik va o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan va har o‘ninchi ish joyi bevosita ushbu soha bilan bog‘liq. Bundan tashqari, shtat har yili 4,6 milliard dollardan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Indiana xalqaro markazi vakillari qishloq xo‘jaligi sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy ekspert va kompaniyalar bilan uchrashuv va muzokaralar tashkil etishga tayyor ekanini bildirgan.
Martin Bayer, shuningdek, akademik aloqalar hamkorlikni kengaytirishning yana bir istiqbolli yo‘nalishiga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan Indiana universiteti bilan O‘zbekistondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni taklif qilgan.
Indiana xalqaro markazi rahbari mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash maqsadida o‘zbekistonlik tadbirkorlar, akademik va ishbilarmon doiralar vakillarining ushbu shtatga tashrifini tashkil etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Indiana xalqaro markazi 1971 yilda Indiana shtatining korxonalari, davlat idoralari va ta’lim muassasalariga xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Markaz xususiy sektor uchun turli dasturlar va xizmatlarni taklif etadi. Jumladan, mintaqaviy ofislar ochish, xalqaro aloqalar o‘rnatish va malaka oshirish kurslarini tashkil etishda yordam beradi. Bundan tashqari, Xalqaro markaz xalq diplomatiyasi sohasidagi ilg‘or tajribani targ‘ib qiluvchi «Global Ties U.S.» notijorat tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti tomonidan har yili xorijiy davlatlar, jumladan, O‘zbekiston vakillari uchun tashkil qilinadigan «International Visitor Leadership Program» uch haftalik almashinuv dasturida ishtirok etadi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi