
Markaziy bank «Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari» sharhini e'lon qildi.
Qayd etilishicha, tashqi iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi oʻzgarishi boʻyicha noaniqliklarning kuchayib borayotganligi, global retsessiya yuzaga kelishi ehtimollarining oshayotganligi va asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayuvchi trendga oʻtgan boʻlsa-da, ular boʻyicha kutilmalarning turli yoʻnalishda shakllanayotganligi, shuningdek, ichki iqtisodiy sharoitlardagi oʻzgaruvchanliklarni hisobga olib, oʻrta muddatli makroiqtisodiy prognozlar ikki xil stsenariy asosida ishlab chiqilgan.
Stsenariylar shartlarini belgilashda jahon iqtisodiyotidagi tendentsiyalarning turli xil oʻzgarishi, global inflyatsion jarayonlar boʻyicha kutilmalar, geosiyosiy vaziyat va xomashyo bozorlaridagi prognozlardagi farqlar asosiy mezonlar etib belgilab olingan.
Asosiy stsenariy shartlariga koʻra, Oʻzbekistonda iqtisodiy faollikning yuqori sur'atlari, investitsion va iste'mol talabining oʻsuvchi dinamikasi saqlanib qoladi. Tartibga solinadigan narxlarning shakllantirilishi bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga moslashtirib boriladi, fiskal konsolidatsiya boshlanadi, iqtisodiyotda davlat rolining pasayishi va belgilangan tarkibiy islohotlar davom ettirilishi hisobiga raqobat muhiti yaxshilanib boradi va xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi yuqori sur'atlarda oʻsib boradi.
Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil stsenariysi tashqi xatarlar va global retsessiyaning kuchayishi fonida mamlakatda tashqi talab darajasi pasayishi, turli kanallar orqali kirib keladigan valyuta oqimlarining kamayishi, iqlim oʻzgarishlari ta'sirida ishlab chiqarish va yalpi taklifning qisqarishi ehtimollari asosida tayyorlangan. Bunda, yalpi talabning kamayishi global inflyatsion jarayonlarni jilovlovchi va xomashyo tovarlari narxlarini pasaytiruvchi omil boʻlsa, yalpi taklifning qisqarishi ichki bozorda narxlar darajasiga salbiy ta'sir koʻrsatadi.
Mazkur stsenariyda tarkibiy islohotlarning asosiy stsenariyga nisbatan sustroq kechishi, tartibga solinadigan narxlarning inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi taxmin qilinmoqda. Iqtisodiyotni ragʻbatlantirish maqsadida fiskal taqchillikning joriy yuqori sur'atlari saqlanib qolishi va fiskal konsolidatsiyaning boshlanishi 2024 yil va undan keyingi davrlarga kechikishi nazarda tutilgan.
«Pul-kredit siyosati asosiy stsenariy shartlarida nisbatan qat'iy fazada davom ettiriladi, monetar sharoitlarning joriy qat'iylik darajasi saqlanib qolinadi. Inflyatsiyaning maqsadli prognoz koʻrsatkichiga erishishga mustahkam ishonch hosil boʻlgan taqdirda, pul-kredit sharoitlari biroz yumshatilib “neytral fazaga” oʻtkaziladi. Ayni paytda, muqobil stsenariy shartlari yuzaga kelganda esa pul-kredit sharoitlarida nisbatan qat'iy sharoitlarni uzoqroq muddat saqlab qolish zarurati yuzaga kelishi mumkin.
Bunda, narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni ta'minlash maqsadlari oʻrtasidagi muvozanatni ta'minlovchi sharoitlar hosil qilib boriladi. Har ikki stsenariyda ham iqtisodiyotdagi yalpi talab hajmining yalpi taklif hajmiga mutanosibligini ta'minlash yoʻnalishida monetar omillarni jilovlash instrumentlaridan foydalanib boriladi va pul-kredit siyosatining transmission kanallari oʻtkazuvchanligi kuchaytirib boriladi», - deyiladi MB sharhida.
Shuningdek, iqtisodiyotni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning byudjet imkoniyatlari cheklangan va tashqi resurslarni jalb qilish qiymati oshgan sharoitda, kelgusi yillarda inklyuziv iqtisodiy oʻsishni ta'minlash va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish vazifasi koʻp jihatdan, mamlakatda tarkibiy islohotlarning qay darajada amalga oshirilishi, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari salohiyati va unumdorligini oshirish hamda iste'mol bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralarning natijadorligiga bogʻliq boʻlishi ta'kidlab oʻtilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar