08:22 / 03.05.2023
184

Shavkat Mirziyoyev Olaf Shols bilan muzokaralar o‘tkazdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi ushbu mamlakat federal kansleri Olaf Shols bilan muzokaralardan boshlandi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Germaniya kansleriga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. 

Tashrif doirasida o‘tgan qo‘shma biznes-forum yuksak baholandi. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarlik savdo, investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida KfW, Deutsche Bank banklari va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Germaniya hukumati O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tez imzolashini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi. Siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tomonlar tashrif chog‘ida Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida Hukumatlararo deklaratsiya imzolanishini olqishladilar.

Olaf Shols O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va o‘zaro ishonch muhitini yaratish, integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha yangi mintaqaviy siyosatini qo‘llab-quvvatladi. "Germaniya - Markaziy Osiyo" formatida muloqot maydonini ishga tushirishga ahdlashib olindi.

Mintaqada, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ushbu mamlakat uchun humanitar loyihalarni davom ettirish, shu jumladan Termizdagi logistika majmuasi va Afg‘on yoshlari uchun ta’lim markazi imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

Transport v logistikani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan samarali yo‘nalishni shakllantirishga xizmat qiluvchi Transkaspiy yo‘lagini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirdilar.

Madaniy-humanitar hamkorlikning kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Germaniya tomoni shu kunlarda Berlin shahrida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlab ochilayotgan noyob ko‘rgazmani yuqori baholadi.

O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Germaniya hukumati mamlakatimiz hududlarida nemis tilini o‘qitishni kengaytirishga texnik ko‘mak ko‘rsatishi to‘g‘risida kelishib olindi.

Umuman, tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Germaniya federal kansleri Olaf Sholsni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev Olaf Shols bilan muzokaralar o‘tkazdi (foto)