Foto: Agro.uz
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida Xitoyning yirik Alibaba group kompaniyasi strategik rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Kris Zou boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda dastlab ikki tomon qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi. Hozirgi kunda hamkorlikda O‘zbekistonning 118 ta oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, tekstil va boshqa yo‘nalishdagi korxonalarning 8000 dan ortiq mahsulotlari Alibaba.com savdo bozorida sotilmoqda.
Uchrashuvda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yirik qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelayotgani va shu bilan birga, mamlakatda yetishtirish va ishlab chiqarish tez sur’atlar bilan rivojlanayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yili O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 1,3 milliard AQSH dollari bo‘lgani va bu ko‘rsatkich bor imkoniyatlarni ishga solishga yetarli emasligi, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi qayd etildi.
Muloqot davomida, shuningdek, Alibaba.com strategik rivojlanish savdo platformasi bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq–ovqat mahsulotlari eksportini keskin oshirish maqsadida bir qator kelishuvlarga erishildi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring