O‘zbekistonda har bir xitoylik hamkorga hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan birgalikda Shenchjen shahrida o‘tayotgan qo‘shma investitsiya forumida ishtirok etdi.
Davlat rahbari forumni ochar ekan, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi va tadbir haqli ravishda Xitoyning innovatsiyalar poytaxti hisoblangan Shenchjen shahrida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal sur’atda o‘sib, keng ko‘lam kasb etayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘payib, 2023 yilda rekord ko‘rsatkich - 14 milliard dollarga yetdi.
Davlat rahbari yaqin yillarda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida yangi hukumatlararo bitim tuzish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun imkoniyat borligini yana bir bor qayd etdi.
Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Davlat rahbari yaqinda Urumchida o‘tgan hududlararo forum va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida muhim investitsiya kelishuvlari imzolanganini yuqori baholadi.
O‘zbekiston tomoni ushbu ishbilarmonlik platformasiga tizimli tus berish va navbatdagi forumni yurtimizda o‘tkazishga tayyorligi bildirildi. Shuningdek, davlat rahbari doimiy faoliyat yuritadigan ikki mamlakat hududlari kengashini tashkil etish bo‘yicha rejalarni olqishladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarni yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga safarbar etish muhimligini qayd etib, davlat rahbari kelgusi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Bular - infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga Xitoy moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilgan holda ushbu mamlakat kompaniyalari bilan sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini barqaror yuritishda Xitoyning ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish hamda yerlarni qayta tiklash va tuzga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarini joriy qilish.
“Yashil” energetikada strategik sheriklikni yanada ilgari surish va Xitoy kompaniyalarining xususiylashtirish dasturida ishtirok etishi ham muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Shu munosabat bilan investitsiya loyihalari portfelini, infratuzilma va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini kengaytirish bo‘yicha xitoylik sheriklar bilan kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, tashrif davomida Xitoyning yetakchi banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish, Eksport-import banki vakolatxonasini ochish va Ipak yo‘li fondi bilan birgalikda yangi Investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar xitoylik hamkorlarning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.
- Yana bir yangilik. Har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi. Ular kompaniyalaringiz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishida yangi imkoniyatlar yaratishiga qat’iy ishonamiz, - dedi prezident.
Biznes forumi yakunida energetika, neft-gaz, tog‘-kon, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarning katta to‘plami imzolandi.
“Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, har bir loyihaga mas’ul menejerlar biriktiriladi.
Yakunda O‘zbekiston prezidenti ushbu Guandun investitsiya forumini har yili tashkil etish tashabbusini ilgari surib, uning navbatdagi uchrashuvini kelgusi yilda Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring