13 fevral kuni tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini yetkazish hamda uni aniqlash mezonlari bilan tanishtirish maqsadida savdo va umumiy ovqatlanish korxona vakillari ishtirokida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan tadbirkorlardan biri: “Prezidentning 2023 yilgi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarida endilikda tadbirkorlik subyektlari uchun subsidiya va imtiyozlar faqatgina reyting asosida ajratiladi deyilgan ekan, bundan keyingi imtiyozlarni biz faqat reyting asosida olamizmi?” deya savol berdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aytishicha, tadbirkorlarga avvaldan normativ huquqiy hujjatlar bilan berilgan imtiyozlar ham reytingga bog‘lanadi.
“Har xil sohalarga berilgan imtiyozlar natijasida umumiy tizim shakllanmayapti. Biz dehqon oyoqqa tursin deyapmiz-da, QQSni bekor qilyapmiz. Chorvachilik bilan shug‘ullanadiganlar 100 gektar yer olyapti-da, 1 litr sutni realizatsiya qilmayapti. Lekin yer nega berilgan – ozuqa bazasini shakllantirish uchun. Har xil imtiyozlar shakllangan, shu sababli bir joyga yig‘ib turib, 568 mingta tadbirkorlik subyekti bo‘lsa, bir-biri bilan bog‘lanadigan preferensiya bo‘lsa, hammani teng holatga olib chiqadi”, – dedi Vahobov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori reytingga ega tadbirkorlar oladigan imtiyozlar barcha sohadagi subyektlarga ham kerak bo‘lavermasligi mumkin, lekin ular yuqori reyting natijasida boshqa qulayliklardan foydalana oladi.
“Soliq qo‘mitasi aynan savdo xizmatlariga qanday reyting joriy qiladi? AAA reytingiga chiqqanda sizga QQS qaytishi shart emas, menga nima kerak reyting deydigan bo‘lsangiz, siz soliqlarni, ishchilarning oyligini o‘z vaqtida to‘lasangiz, AAA reytingida yurasiz va bu eshigingizdan soliqchi hujjatsiz kira olmaydi degani.
Oldingi yig‘ilishda lizing kompaniyasi qurilish sohasiga taklif berdi. Imtiyozli kreditlarni reytingi yuqori tadbirkorlarga beringlar, dedi. Tarixi yaxshi, hisobotlari yaxshi, o‘z vaqtida kreditini to‘lagan bo‘lsa, garov ta’minotini so‘rab, 21 foiz emas, 18 foizda bering, [dedi]. Shunga o‘xshab asta-sekin hamma narsani bog‘laymiz. Bora-bora sud tizimi ham integratsiya qilinadi. Siz kimgadir mahsulotingizni sotayotgan bo‘lsangiz, u 3-4 marta iqtisodiy sudda kimdir bilan sudlashib yurgan bo‘lsa, siz undan ehtiyot bo‘lasiz”, – dedi Davron Vahobov.
Aytish kerakki, “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 39-sonli prezident qarorida yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari uchun shu paytgacha amalda bo‘lmagan rag‘batlantirishlar berilishi belgilangan.
Agar Vahobovning javobidan kelib chiqilsa, yangi imtiyozlardan tashqari, shu paytgacha qonun va qarorlar bilan tadbirkorlarga berilgan va amaldagi imtiyozlar ham endi reytingi yuqori subyektlarga beriladi. Past reyting ko‘rsatkichiga ega tadbirkorlar esa nafaqat yangi imtiyozlardan, balki amaldagi yengilliklardan ham foydalana olmaydi.
Kun.uz ayni savolni Savdo-sanoat palatasi va Soliq qo‘mitasiga yubordi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 39-sonli prezident qarorida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim qilishning yangilangan tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.
“Demak, bu muddat aprel oyiga to‘g‘ri keladi. Yangilangan tartib ishlab chiqilgandan keyin, hujjatda qanday belgilansa, imtiyozlar shu tartibda qo‘llanadi. Ungacha tadbirkorlar hozirda qonun va qarorlar bilan berilgan imtiyozlardan to‘liq foydalanib kelishadi”, – dedi qo‘mita matbuot kotibi Dildora Hoshimova.
Savdo-sanoat palatasi matbuot kotibi ham shunga o‘xshash javobni berdi.
“Bu yangilangan tartib qanday bo‘lishini hali hech kim bilmaydi, muhokamada”, – deyiladi palata izohida.
Barqarorlik reytingi haqida
Prezident qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 fevraldan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi.
Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
- AAA, AA va A toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;
- BBB, BB va B toifalar – o‘rta barqarorlik reytingi;
- SSS, SS va C toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi;
- D toifa – quyi barqarorlik reytingi.
Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.
Mas’ullarga ko‘ra, agar tadbirkor A reyting oladigan bo‘lsa, soliq idoralari tomonidan unga tekshirishlar o‘tkazilmaydi. QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytarib beriladi – amaldagi muddat esa 7 kundan 30 kungacha. QQSdan boshqa soliq turlaridan hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlar ham bir kunda qaytarib beriladi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi