
Oʻzbekiston hududlarida yuqori iqtisodiy oʻsishni ta'minlashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Prezident “Hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish va aholi bandligini ta'minlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas'uliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Hujjatga koʻra, mahalliy hokimliklar mas'uliyati va hisobdorligini oshirish hamda ularning tashabbuskorligi, islohot va oʻzgarishlarga “egalik qilish” rolini kuchaytirishga qaratilgan tizim joriy etiladi.
“2025 yilda respublika va hududlar kesimida iqtisodiy oʻsish, ishsizlik hamda kambagʻallik darajasini pasaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar beriladi:
- 2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan er soligʻi, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni toʻliq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetlariga oʻtkazish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻlgan aktsiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablagʻlarning 90 foizi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda ob'ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Shuningdek, 2025 yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga quyidagilarga ruxsat beriladi:
- tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YaTTlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining eng kam va eng yuqori qat'iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YaTTlarga qat'iy soliq stavkalari miqdorini belgilash;
- soliq solish maqsadida qoʻllanadigan koʻchmas mulk ijara qiymatining 1 metr kvadrat uchun oʻrnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsient, xususan, Toshkent shahrida ushbu oshiruvchi koeffitsientni er soligʻi kabi zonalar kesimida qoʻllash;
xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga:
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsient qoʻllash;
- noruda qurilish materiallari boʻyicha er qa'ridan foydalanganlik uchun soliqning qat'iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsient belgilash vakolatlarini berish.
Hokimliklarga 2025 yil 1 martdan hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli koʻchmas mulk ob'ektlarini 2 yil ichida yangi loyihani ishga tushirish va ish oʻrinlari yaratish sharti bilan qator vakolatlar beriladi.
Vakolatlar:
- tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri 10 yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara toʻlovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotish;
- xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga oʻqitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara toʻlovi undirmasdan 5 yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish.
Tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yoʻnalishlarda ma'muriy vakolatlar beriladi:
- davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar oʻrtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
- 2025 yil 1 yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlarini mas'ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli mas'ullarga ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;
- 2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha belgilangan roʻyxat boʻyicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar