
Mashhur ko‘ngilochar kompaniya — Disney global miqyosda navbatdagi ommaviy qisqartirishlarni e’lon qildi. Kompaniya kino, televideniye, moliya va boshqa asosiy bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan yuzlab xodimlar bilan xayrlashishga majbur bo‘layotganini bildirdi. Bu haqda AZƏRTAC agentligi xabar tarqatdi.
BBC nashrining yozishicha, so‘nggi yillarda kabelli televideniye obunachilari sonining keskin kamayishi va streaming xizmatlariga talabning ortib borayotgani Disney’ni keskin qarorlar qabul qilishga majbur qilmoqda.
"Ko‘ngilochar sanoat keskin sur’atlarda o‘zgarib bormoqda. Biz esa mijozlarimiz qadrlaydigan ijodkorlik va innovatsiyalarni saqlagan holda, faoliyatimizni yanada samaraliroq yuritish yo‘llarini izlayapmiz", — deya bayonot berdi kompaniya vakili BBC bilan suhbatda.
Mazkur qisqartirishlar kompaniya bosh direktori Bob Iger tomonidan ishlab chiqilgan 5,5 milliard dollarlik xarajatlarni kamaytirish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2023- yilda Disney 7 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatgan edi.
Yangi to‘lqindagi qisqartirishlar marketing, kasting, loyiha ishlab chiqish hamda kino va televideniye sohasidagi korporativ moliya kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi. Biroq kompaniya hech bir bo‘lim to‘liq yopilmasligini ta’kidladi.
Hozirda Kaliforniyada joylashgan Disney kompaniyasida 233 ming nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ulardan 60 mingdan ziyodi xorijiy mamlakatlarda ishlaydi. Disney qoshida Marvel, Hulu, ESPN kabi global brendlar mavjud.
Shu bilan birga, joriy yilning may oyida Disney yilning dastlabki choragida 23,6 milliard dollar daromad olganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga ko‘p bo‘lib, kompaniya buni Disney+ streaming xizmatiga yangi obunachilar oqimi bilan izohladi.
Ekspertlar fikricha, bu qisqartirishlar Disney’ning raqamli transformatsiya jarayonida bozor talablariga moslashish harakati sifatida qaralmoqda. Kompaniya endilikda asosiy e’tiborni zamonaviy texnologiyalar va raqamli kontentga qaratmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar