date
views 4 477

Shavkat Mirziyoyev sensatsion bayonot berdi: yerosti boyligimiz 3 trillion dollar!

Shavkat Mirziyoyev sensatsion bayonot berdi: yerosti boyligimiz 3 trillion dollar!
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi sessiyasida nutq so‘zlab, mamlakatimizning yerosti resurslari haqida o‘ta muhim va e’tiborga molik ma’lumotlarni e’lon qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bugungi kunda jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobining tezkor rivojlanishi natijasida texnologik minerallarga talab bir necha barobar oshmoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonning yerosti resurslari global ahamiyatga ega bo‘lib, iqtisodiyotimizning yangi o‘sish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Prezident o‘z nutqida O‘zbekistonda katta hajmdagi volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy va titan kabi qimmatbaho minerallar zaxiralari borligini urg‘ulab o‘tdi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning yerosti boyliklari umumiy qiymati 3 trillion dollarga yaqinlashadi.

Shu bilan birga, davlat rahbari mamlakatimiz mineral resurslardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mintaqaviy markazga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini alohida qayd etdi.

“Biz hozirda Toshkent va Samarqand viloyatlarida kelajak metalllari texnoparklarini barpo etmoqdamiz. Bu yerda innovatsion, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar tashkil etiladi. Bu esa mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi”, – dedi Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqi davomida xorijiy investorlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan yangi tashabbusni ham ilgari surdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini to‘liq yo‘lga qo‘yadigan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘i qaytarib beriladi.

“Ishonchim komilki, bu kabi qulaylik va imtiyozlar xorijiy hamkorlarimiz uchun juda qiziqarli bo‘ladi. Biz sizlar bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilishni, o‘zaro manfaatli biznes sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz”, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning ushbu nutqi forum ishtirokchilari va xalqaro ekspertlar orasida keng muhokama qilinib, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlari yana bir bor e’tibor markazida bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev sensatsion bayonot berdi: yerosti boyligimiz 3 trillion dollar!