date

Kriptovalyutalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortmoqda

Kriptovalyutalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortmoqda
Moliyaviy jinoyatlar bilan kurashish bo‘yicha xalqaro tashkilot — FATF (Financial Action Task Force) joriy yilning iyun oyida virtual aktivlar (ya’ni kriptoaktivlar) bilan bog‘liq moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishda hukumatlarni kuchliroq choralar ko‘rishga chaqirdi. Tashkilot bayonotida ta’kidlanishicha, kriptoaktivlar bilan bog‘liq reglamentatsiya borasida ijobiy siljishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, hali hamon ko‘plab davlatlar xavflarni bartaraf etishda orqada qolmoqda.

2025-yilning aprel holatiga ko‘ra, baholangan 138 mamlakatdan atigi 40 tasi FATF’ning kriptoaktivlar bo‘yicha standartlariga “asosan muvofiq” deb topilgan. Bu raqam 2024-yilga nisbatan biroz ko‘proq bo‘lsa-da, bu sohada global darajada jiddiy bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatadi.

FATF bayonotida: “Virtual aktivlarning chegaralarsiz tabiati sababli, bir davlatdagi reglamentatsiya bo‘shligi global moliyaviy tizimga tahdid solishi mumkin”, — deb ogohlantirildi.

Kriptoaktivlar orqali $51 milliardgacha noqonuniy tranzaksiya amalga oshirilgan
2024-yilda noqonuniy kriptohamyonlar $51 milliardgacha mablag‘ olgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda blokcheyn tahlil kompaniyasi Chainalysis. Aksariyat noqonuniy faoliyatlar hozirda barqaror kriptovalyutalar — stablecoin’lar orqali amalga oshirilmoqda. Bu aktivlar o‘z qiymatini AQSh dollari yoki boshqa valyutalarga bog‘lab ushlab turadi va shu sababli ulardan noqonuniy maqsadlarda foydalanish osonlashadi.

FATF xususan, Shimoliy Koreya, terrorchilikni moliyalashtiruvchilar va giyohvand modda savdogarlari tomonidan stablecoin’lardan foydalanilishi haqida ogohlantirdi. AQSh Federal Qidiruv Byurosi (FBI)ga ko‘ra, 2025-yilning fevral oyida ByBit kripto birjasidan $1,5 milliard virtual aktivlar o‘g‘irlangan. Bu — tarixdagi eng yirik kripto o‘g‘irliklardan biri bo‘ldi. Mazkur hodisada Shimoliy Koreya ishtirok etgani gumon qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqining qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha nazoratchi tashkiloti ham kriptoaktivlar va an’anaviy moliyaviy bozorlar o‘rtasidagi aloqalar chuqurlashayotganini inobatga olgan holda, kengayib borayotgan kriptosektor moliyaviy barqarorlikka xavf tug‘dirishi mumkinligini aytdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Kriptovalyutalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortmoqda