6 oktyabr kuni Toshkent fond birjasida mamlakatning eng yirik tamaki ishlab chiqaruvchisi — “UzBAT” aksiyalari bo‘yicha katta hajmli bitim amalga oshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, savdo birjadan tashqari Nego maydonchasida ro‘yxatdan o‘tgan.
Bitim shartlariga ko‘ra, kompaniyaning 2,6 foizlik ulushi — 641 ming 661 ta aksiya 269,8 milliard so‘mga sotilgan.
Shu bilan birga, mazkur operatsiyadan keyin UzBAT kompaniyasining umumiy kapitalizatsiyasi 10,36 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu taxminan 855 million AQSh dollariga teng.
Korxona va tashkilotlar reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, sotilgan 2,6 foizlik paket davlatga — Davaktiv agentligiga tegishli bo‘lgan.
Kompaniyadagi asosiy ulush — 97,38 foiz aksiyalar xorijiy Saber Baber kompaniyasi ixtiyorida. Shuningdek, 0,1 foiz aksiyalar UzBATning 40 nafar xodimiga tegishli ekani qayd etilgan.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, UzBATning sof foydasi 40 foizga o‘sib, 1,41 trillion so‘mga yetgan. Shu yili kompaniya O‘zbekistondagi xususiy sektor vakillari orasida eng ko‘p soliq to‘lovchi sifatida qayd etilgan — UzBAT byudjetga jami 2,9 trillion so‘m to‘lagan.
Tahlilchilarning fikricha, ushbu bitim mamlakatdagi yirik xususiylashtirish jarayonlari va aksiya bozorining faollashayotganidan darak beradi. Shu tariqa, UzBAT bozordagi nufuzini yanada mustahkamladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!