
Jahon bozorlarida oltin qiymati yana bir bor tarixiy rekordni yangiladi. Comex savdo maydonchasi ma’lumotlariga ko‘ra, qimmatbaho metall narxi bir troya unsiyasi uchun 4400 dollar chegarasidan oshib ketdi.
18 dekabr oqshomida oltin qiymati 0,92 foizga o‘sib, bir troya unsiyasi uchun 4401,9 dollarni tashkil etdi. Qisqa vaqt ichida o‘sish sur’ati yana tezlashib, narx 4407,5 dollargacha ko‘tarildi. Bu holat investorlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, oktyabr oyi boshida Nyu-York tovar birjasida oltin tarixda ilk bor troya unsiyasi uchun 4000 dollarlik chegarani ortda qoldirgan edi. 15 oktyabr kuni esa dekabr oyiga mo‘ljallangan oltin fyucherslari yana qimmatlashib, 31 grammlik unsiya 4200 dollardan oshib ketgan.
Mutaxassislar oltin narxining bunday barqaror o‘sishini geosiyosiy beqarorlik, inflyatsiya xavflari va investorlarning xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabi oshishi bilan izohlamoqda. Agar ushbu omillar saqlanib qolsa, oltin qiymati yaqin kelajakda yana yangi rekordlarni zabt etishi istisno etilmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.