Markaziy bank kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha tushuntirish berdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki jismoniy shaxslar o‘rtasidagi (P2P) pul o‘tkazmalarida “o‘tkazma maqsadi” ro‘yxatini qo‘shish masalasi yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi. Regulyatorning qayd etishicha, tijorat banklari va to‘lov servislari uchun ushbu funksiyani joriy etish majburiy emas, balki ixtiyoriy hisoblanadi.
Markaziy bank mazkur yangilikdan ko‘zlangan asosiy maqsadlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, bunday imkoniyatning mavjudligi onlayn platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish, bank va fintex tizimlariga yangi turdagi xizmatlarni taklif qilish imkonini berish hamda foydalanuvchi tajribasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar tomonidan interfeys va qulaylik bo‘yicha kelib tushgan takliflar asosida ushbu funksiya kelgusida yanada takomillashtirilishi ta’kidlanmoqda. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, agar mobil ilovangizda “o‘tkazma maqsadi” bo‘limi paydo bo‘lsa, bu bankning shaxsiy tashabbusi hisoblanadi. Hozirda bu borada hech qanday majburiy talab mavjud emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!