Nigel Farage kripto-milliarderdan olingan sovg‘a bo‘yicha tekshirilmoqda

Reform UK partiyasi yetakchisi Nigel Farage parlament standartlari bo‘yicha komissiya tekshiruviga duch keldi. Siyosatchi kripto-milliarder Christopher Harborne’dan olingan 5 million funt sterling (6,7 million dollar) miqdoridagi mablag‘ni deklaratsiya qilmaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
BBC xabariga ko‘ra, parlament komissari Farage’ning Jamoatlar palatasi qoidalarini buzgan yoki buzmaganini aniqlash uchun surishtiruv boshlagan. Nigel Farage ushbu mablag‘ni 2024-yilda parlamentga saylanishidan oldin olganini va uni oshkor etish majburiyati yo‘qligini ta’kidlamoqda. Biroq tanqidchilar deputat bo‘lganidan so‘ng ushbu to‘lov ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lganini aytishmoqda.
Konservatorlar partiyasi parlament nazorat organiga va Saylov komissiyasiga murojaat qilib, ushbu xayriya mablag‘i yuzasidan rasmiy tergov boshlashni talab qildi. Bu holat Buyuk Britaniya siyosatida kripto-aktivlar bilan bog‘liq moliyaviy aloqalarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, Farage yaqinda Stack BTC kompaniyasining reklama videosida ishtirok etgani uchun ham tanqidga uchragan edi. Siyosatchi ushbu kompaniyada 6,31 foizlik ulushga egalik qiladi va bu holat moliya bozorlari qoidalarini buzgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan tekshiruv talab qilinmoqda.
Buyuk Britaniyada siyosiy partiyalarga kripto-valyuta ko‘rinishidagi xayriyalar tobora qattiq nazorat ostiga olinmoqda. Reform UK partiyasi 2025-yilda kripto-donatlarni qabul qila boshlagan ilk siyosiy kuch bo‘ldi, biroq Milliy xavfsizlik strategiyasi qo‘mitasi ushbu turdagi moliyalashtirishga moratoriy joriy etishni hukumatdan talab qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!