THORChain platformasi 10 million dollarlik xakerlik hujumidan so‘ng to‘xtatildi

Markazlashmagan likvidlik protokoli bo‘lgan THORChain blokcheyn tadqiqotchisi ZachXBT tomonidan aniqlangan 10 million dollardan ortiq mablag‘ o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq xakerlik hujumidan so‘ng savdo operatsiyalarini to‘xtatdi. THORChain alerts Telegram kanali barcha savdo va imzolash jarayonlari to‘xtatilganini, global tugunlar pauzasi esa 26191149-blokgacha, ya’ni taxminan 12 soat-u 42 daqiqaga uzaytirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Hujum Bitcoin, Ethereum, BNB Chain va Base tarmoqlarini qamrab olgan. Arkham tomonidan THORChain xakeri deb belgilangan hamyonda 10,8 million dollar mablag‘ aniqlangan bo‘lib, u 30 daqiqa ichida bir nechta kichik tranzaksiyalar orqali o‘tkazilgan. Ushbu hodisa DeFi protokollari xavfsizligi borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi, chunki aprel oyida xakerlar 634 million dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lishdi.
DefiLlama ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025-yil fevral oyidagi 1,46 milliard dollarlik rekord ko‘rsatkichdan keyingi eng yuqori oylik yo‘qotishdir. Hozircha THORChain rasman bayonot bermagan bo‘lsa-da, PeckShield va ZachXBT kabi xavfsizlik kompaniyalari shubhali faoliyatni tasdiqlashdi.
Ushbu xabarlardan so‘ng THORChain’ning RUNE tokeni narxi 13 foizga pasayib, CoinGecko ma’lumotlariga ko‘ra 0,51 dollar atrofida sotilmoqda. Token qiymati o‘tgan yil davomida 72 foizga arzonlashgan. THORChain o‘zining kross-cheyn xususiyati tufayli ko‘pincha o‘g‘irlangan mablag‘larni yuvish uchun ishlatiladigan platforma sifatida ham tilga olinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!