Besh oylik soliq auditlarida 5,5 trln so‘mlik qoidabuzarlik aniqlandi

Soliq qo‘mitasi joriy yilning yanvar-may oylarida o‘tkazilgan audit natijalarini e’lon qildi. Tekshiruvlar davomida soliq xavfi yuqori bo‘lgan 1780 ta subyektda 5,5 trillion so‘mlik qoidabuzarliklar aniqlangan. Shuningdek, 9,4 trillion so‘mlik yashirilgan soliq bazasi qayd etildi. Eng ko‘p qoidabuzarliklar savdo va umumiy ovqatlanish sohasida, keyin esa qurilish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida kuzatilgan. Natijada budjetga ikki trillion to‘qqiz yuz milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ hisoblangan bo‘lib, uning bir qismi allaqachon to‘landi. Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, bunday choralar daromadlarni yashirish holatlariga chek qo‘yish va soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi.
Soliq qo‘mitasi 2026 yilning yanvar–may oylarida o‘tkazilgan auditlar natijalarini ma’lum qildi. Tekshiruvlar soliq xavfi yuqori deb baholangan 1 780 ta subyektni qamrab olgan. Bu mamlakatdagi jami soliq to‘lovchilarning 0,3 foizini tashkil qiladi.
Auditlar davomida 5,5 trln so‘mlik qoidabuzarliklar aniqlangan. Shuningdek, 843 ta soliq to‘lovchida jami 9,4 trln so‘mlik yashirilgan soliq bazasi qayd etilgan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qo‘shimcha hisoblangan va budjetga undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ 2,9 trln so‘mni tashkil etgan. Hozirga qadar ushbu summaning 282 mlrd so‘mi budjetga kelib tushgan.
Qoidabuzarliklar hajmi bo‘yicha savdo va umumiy ovqatlanish sohasi birinchi o‘rinda turibdi. Ushbu yo‘nalishda 2,4 trln so‘mlik holatlar aniqlangan. Bu barcha qoidabuzarliklarning 44,3 foiziga teng.
Qurilish sohasidagi qoidabuzarliklar miqdori 1,2 trln so‘mni yoki umumiy ko‘rsatkichning 22,2 foizini tashkil qilgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida esa 461,7 mlrd so‘mlik qoidabuzarliklar qayd etilgan.
Inventarizatsiya jarayonida 276 ta subyektda 3,3 trln so‘mlik tovarlar amalda mavjud emasligi aniqlangan. Yana 249 ta subyektda hisobga kiritilmagan 3,2 trln so‘mlik mahsulot borligi ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, 318 ta korxona 2,8 trln so‘mlik tovarlar sotuvini hisobotlarda aks ettirmagan. Soliq qo‘mitasi auditlar daromadlarni yashirish holatlariga chek qo‘yish va soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda intizomni oshirishga qaratilganini bildirdi.




























Izohlar 0
…