UzQR tizimi 1 iyuldan barcha biznes subyektlari uchun majburiy bo‘ladi

UzQR tizimi 1 iyuldan barcha biznes subyektlari uchun majburiy bo‘ladi

2024 yil 1 iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan barcha yuridik shaxslar UzQR yagona to‘lov tizimidan foydalanishi shart bo‘ladi. Yangi tartib turli banklar va to‘lov tashkilotlarining alohida QR-kodlari o‘rniga barcha ilovalar orqali ishlaydigan yagona tizimni joriy etishni nazarda tutadi.

UzQR orqali amalga oshirilgan har bir to‘lovdan biznes subyektlari uchun tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya undiriladi. Solishtirish uchun, bank terminallari orqali to‘lovlarda komissiya 0,2 foizni tashkil etadi. Ayrim xususiy QR tizimlarida esa bu ko‘rsatkich 1 foizdan 3 foizgacha yetadi.

Xaridorlar uchun rasman qo‘shimcha komissiya belgilanmagan. Biroq Markaziy bank ayrim to‘lov ilovalarida mijozlardan 1 foizgacha mablag‘ ushlab qolinayotgani haqidagi holatlarni tekshirishni boshlagan.

Iqtisodchilarning fikricha, 0,65 foizlik tarif an’anaviy terminallarga nisbatan biznes uchun qimmatroq tushadi. Shu sabab tizimni majburiy joriy etish uning naqd pul va ekvayring xizmatlari bilan raqobatda yetarlicha ustunlikka ega emasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

UzQRning asosiy qulayligi shundaki, tadbirkorga turli bank va to‘lov operatorlari bilan alohida shartnoma tuzish talab etilmaydi. Bitta QR-kod orqali turli ilovalardan to‘lov qabul qilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, tushumlarni hisobga olish jarayoni ham soddalashadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar