22:12 / 08.09.2017
4 295

Zafar Hoshimov: Nega bizga hanuz naqd valyuta kerak? Nega pulga munosabatimiz shu qadar dollarlashib ketgan?

Zafar Hoshimov: Nega bizga hanuz naqd valyuta kerak? Nega pulga munosabatimiz shu qadar dollarlashib ketgan?
O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov telegramdagi kanalida naqd dollar muammosi nega bizda ommalashgani haqida post joyladi.

Kimgadir ushbu uzun maqolamni o‘qish erish tuyulsa, mazkur havoladagi intervyuning oxirgi o‘n daqiqasini tomosha qilishlari mumkin. U yerda men naqd dollar bo‘yicha fikrlarim bilan o‘rtoqlashganman.
Dasturni to‘liq ko‘rgan yanada yaxshiroq.

Valyuta ayirboshlash shaxobchalarida jismoniy shaxslar tomonidan naqd valyuta xarid qilishga bo‘lgan cheklov «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining qizg‘in muhokama qilinayotgan bandlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Dastavval, farmonning qator qoidalariga muvofiq mamlakat ichida to‘lov vositasi sifatida naqd valyuta mablag‘lari aylanishi taqiqlanganini aytib o‘tish joiz.

Modomiki, valyutani liberallashtirish haqida fikr yuritar ekanmiz, shuni nazarda tutishimiz lozimki, liberallashtirish zamirida hech qanaqasiga chet el valyutasini kuchaytirish emas, faqatgina milliy valyuta — so‘mni mustahkamlash, uni odamlar istaydigan, talab yuqori bo‘lgan valyutaga aylantirish maqsadi mujassam.

Ayni paytda farmon jismoniy shaxslar tomonidan valyutani xarid qilish va sotib olingan valyutani valyuta plastik kartochkalariga hech qanday cheklovlarsiz o‘tkazib olishlari imkoniyatini ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, banklar jismoniy shaxslarga valyutani sotishga hamda uni xorijda davolanish va o‘qish uchun maqsadli to‘lovlarga hamda chet elda boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilishdi.

Shunday qilib, agar biz valyutani o‘z mamlakatimizda sarflamasligimiz kerak bo‘lsa, demak, u holda chet elga safar, shuningdek, o‘zimiz yoki yaqinlarimizning davolanishi, o‘qishi uchun valyuta xarid qilishimiz kerak bo‘ladi. Mazkur farmonda bularning barchasi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, unda nega bizga hanuz naqd valyuta kerak ekan? Nima uchun bizning pulga munosabatimiz shu qadar dollarlashib ketgan? Axir aholining juda kam qismi dollarda daromad ko‘radi, sarf-xarajat qiladi-ku? Shunday bo‘lsa-da, naqd dollarni qo‘lga kiritish juda ko‘pchilik uchun dolzarb mavzuligicha qolayapti.

Nega shunday?

Tushunishga harakat qilib ko‘raylik.

Bu yerda bir nechta javob bor:

1) Dollar jamg‘arish muhim vositaga aylandi. Yillar davomida valyuta qattiq cheklanishi ham bizni hech qanaqasiga o‘sha davrlarda iqtisodiy hayotimizni mushkulliklardan asrab qola olmadi. Valyuta cheklovlari avvaliga “shok terapiyasi”dan qochish uchun joriy qilingan bo‘lsada, amalda esa ushbu masala qisman eplandi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, biz juda ko‘p shoklarga guvoh bo‘ldik, terapiya esa kam bo‘ldi.

Tarixga nazar tashlaymiz.

Men kamida oltita katta va ko‘plab kichik valyuta kursi shoklarini eslayman.

— 1996 yili noyabr oyida birinchi marta qat’iy valyuta cheklovlari joriy qilindi. O‘shanda dollarning kursi bir kunda bir dollarga 40 so‘mdan 52 so‘mga ko‘tarildi, o‘sishdan to‘xtamasdi. Kelgusi uch oyda bu ko‘rsatkich qora bozorda 120 so‘mga yetdi.

— Janubi-Sharqiy Osiyodagi inqiroz ortidan 1998 yilda yuz bergan moliyaviy tanazzul, undan keyin Rossiya rublining keskin devalvatsiya qilinishi oqibatida mamlakatimizda qora bozor kursi 150 so‘mdan 400 so‘mga chiqdi.

— 2000 yil iyul oyida mamlakatimizda yana bir devalvatsiya o‘tkazildi. 150 so‘mlik rasmiy kursdan 560 so‘mlik sakrash orqali “tijoriy” kurs joriy etildi.

— 2003-2004 yillarda “kurslarning birlashtirilishi” yuz bergandi. O‘shanda kurs 900-1100 so‘mga yetdi.

— 2008-2009 yillar. 2004-2007 yillarda bank va bozorda yagona kurs shakllanib, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi daromadi yuqori sur’atlarda o‘sdi. Biroq, 2008 yilda dunyoda iqtisodiy inqiroz yuz berdi. Garchi rasman inqiroz O‘zbekistonni chetlab o‘tdi, deyilgan bo‘lsa-da, amalda bozorimiz ushbu shokni ham yaxshigina his qildi. 2009 yilda bozor kursi yil boshidagi 1400-1500 so‘mdan yil oxiriga 2400-2500 so‘mga chiqdi.

— 2010-2014 yillar ham nisbatan barqaror davr bo‘ldi. Ammo 2014 yilning oxiridan 2017 yilning may oyiga qadar biz yana “katta sakrash”larga duchor bo‘ldik. Ushbu davrda kurs 2800-3000 so‘mdan qariyb 8000 so‘mga chiqdi.

Bularning barchasi bizni bitta hayotiy haqiqatga o‘rgatdi: mablag‘ni, yaxshisi, dollarda saqlash, «ko‘rpaning orasida» jamg‘arish ishonchli bo‘lib tuyulib qoldi.

Aynan shuning uchun ham odamlarimiz dollarni jamg‘arish uchun yaxshi vosita sifatida bilishadi.

Buni qanday o‘zgartirish mumkin?

1) Aholi sarmoya kiritishi hamda jamg‘arishi uchun muqobil instrumentlarni, moliyaviy mahsulotlarni joriy qilish kerak. Bunda odamlar ushbu instrumentlarga qo‘rqmasdan o‘z mablag‘ini qo‘yishi, saqlashi, bir kun kelib inflyatsiya ularning jamg‘armasini “yeb” yubormasligidan xavotir olmasdan, daromad olishi kerak.

Hozircha esa banklar tomonidan taklif qilinayotgan valyuta plastik kartochkalari ham ushbu vazifani qoyilmaqom qilib bajarishi mumkin.

2) Yuqoridagi bandlar bilan bog‘liq holda ko‘chmas mulkni, avtomobil, zargarlik mahsulotlari va boshqa qimmatbaho narsalarni (asosan ikkilamchi bozorda) valyutada sotish hamda sotib olish odatimiz bor. Bu amaliyotlar qariyb har doim naqd dollarda amalga oshirib kelinadi.

Buning sabablaridan biri so‘m kupyuralari mayda bo‘lib, bunday katta mablag‘larni tashish, sanash juda ham noqulay edi. Dollar esa aynan hisob-kitoblar uchun hajmi nuqtai nazaridan, qolaversa, yuqori qiymati bilan qulay vosita hisoblanar edi.

Buni qanday o‘zgartirish mumkin?

— Men 10000 va 50000 so‘mlik kupyuralarning muomalaga kiritilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayman. Lekin juda katta oldi-berdilar uchun balki 100 ming so‘mlik kupyurani joriy qilish vaqti ham kelgandir?

3) Xorijda sotib olingan hamda mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan kiritilgan tovarlarga (kontrabanda) to‘lov ham naqd dollarga talabning oshishiga sabab bo‘layotgan yana bir omillardan sanaladi.

Mamlakatga tovar olib kirishning turli “qora” va “soya” sxemalari ushbu mahsulotlarga xorijda to‘lovni amalga oshirish uchun naqd dollarga juda katta ehtiyoj sezadi. Ushbu valyuta turli yo‘llar bilan chegarani kesib o‘tadi hamda mamlakatga noqonuniy olib kelinayotgan tovarlarga to‘lash uchun ishlatiladi.

Bunga qarshi, albatta, kurashish kerak. Ammo faqatgina huquq-tartibot organlarining kuch ishlatish yo‘li bilangina bunga barham berish amri mahol. Tevaragimiz quruqlikdan iborat bo‘lib, juda katta chegaraga egamiz. Qo‘shnilar bilan chegaralar ochilmoqda, ulardan o‘tish osonlashmoqda, bu ayni muddao.

Ammo chegarani deklaratsiya qilinmagan tovar bilan kesib o‘tish va shu orqali mo‘maygina daromad topish imkoniyati ba’zilarni yo‘ldan uradi. Sababiki, qo‘shnilarimizning aksariyatida import bojlari va to‘lovlari bizdagiga nisbatan birmuncha past. Tabiiyki, bunday sharoitda tovarlarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirish va naqd valyutani olib chiqish ayrimlar uchun “jozibali” biznes hisoblanadi.

Men ushbu holatda bojxona stavkalarini uyg‘unlashtirish orqali bunday iqtisodiy huquqbuzarliklarni iqtisodiy jihatdan ancha foydasiz qilib qo‘yishni taklif qilgan bo‘lardim. Bunda byudjetga tushumlar stavka pasaygan bo‘lsada baribir ortadi. Chunki qonuniy import hajmi oshishi hisobiga stavka va bojlar tushishidan ko‘rilgan zarar o‘rni qoplanadi.

4) Naqd dollar turli qora ishlar, jumladan, giyohvand moddalar yoki boshqa taqiqlangan mahsulotlarni olib kirish va tarqatish, pora, korrupsiya kabilarga sababchi bo‘lishi ham mumkinligini unutmaslik kerak.

Bu oxirgi qabih illatlarga qarshi kurashda esa barcha vositalar o‘zini oqlashini ta’kidlashim lozim.

Balki yuqoridagi ro‘yxat aholining mamlakat ichkarisida naqd valyutaga bo‘lgan yuqori talabi sabablarini to‘la ifodalab bera olmasligi mumkindir. Nima bo‘lganda ham, ayni mavzuda har kimning o‘z fikri borligi aniq.

Keltirib o‘tilgan barcha ishlarni amalga oshirish uchun har doim dollarga intilib, daromadimiz negizida yotgan milliy valyutamiz, ya’ni so‘mni, qadrsizlantirib keldik.

Ayni shu sababli biz oddiy fuqaro yoki o‘z mablag‘lari hamda foydasining tejamkor sohiblari sifatida ayrim iqtisodiy qoidalarni tushunishimiz va ularga amal qilishimiz lozim bo‘ladi. Bizning valyutamiz – so‘m. Hukumat so‘mning qadrini yanada mustahkamlash yo‘lida bir qancha muhim qadamlarni tashladi.

— mamlakatdagi barcha to‘lov va tariflar milliy valyutaga o‘tkazildi;

— aviakompaniya barcha chiptalari – endi so‘mda;

— ta’lim olish, aloqa, internet, yangi avtomobillar va yangi uylarni so‘mda xarid qilish mumkin va bular endilikda dollarga bog‘liq emas. Bularning barchasi juda muhim va jiddiy qadamlardir.

Bizchi? Mamlakatimiz uchun nima qila olamiz?

Iloji boricha yurtimiz ichkarisidagi har qanday dollar evaziga bo‘ladigan oldi-berdilardan voz kechishimiz lozim. Bu kabi harakatlardan voz kechmasak, ular nafaqat umumiy jihatdan olganda qonunbuzarlikka asoslangan bo‘lishi bilan birgalikda, bizning umumiy iktisodiy manfaatlarimizga zararli hamdir.

Bunday harakatlarimiz xorijiy valyutaga keskin talabni oshirgan holda so‘mimiz qadrini birmuncha tushirib boradi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Zafar Hoshimov: Nega bizga hanuz naqd valyuta kerak? Nega pulga munosabatimiz shu qadar dollarlashib ketgan?