20:54 / 13.12.2018
4 531

Senat 2019 yilgi Davlat byudjetini tasdiqladi

Senat 2019 yilgi Davlat byudjetini tasdiqladi
Senat yalpi majlisda 2019 yilgi Oʻzbekiston davlat byudjetini tasdiqladi. Daromadlarning 102,6 trln soʻm, xarajatlarning esa 107,1 trln soʻm boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Oliy Majlis Senati payshanba kuni 17-yalpi majlisda 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini tasdiqladi, deya xabar qildi “Gazeta.uz”. Senatorlar oldida bosh vazir oʻrinbosari, moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov soʻzga chiqdi.

2019 yilda Davlat byudjeti daromadlari 102,6 trln soʻm miqdorida prognoz qilinmoqda, bu esa 2018 yilga nisbatan 38% oʻsishni anglatadi. Davlat byudjeti xarajatlari esa 107,1 trln soʻmni (+36,4%) tashkil etadi.

Ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan sarflanadigan xarajatlar 57,8 trln soʻmdan ortiqni yoki barcha xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi (+34,4%). Bunda taʼlimga sarflanadigan xarajatlar avvalgi yilga nisbatan 25,5 foizga oshadi va 28,4 trln soʻmni yoki barcha xarajatlarning 49 foizini tashkil etadi.

Sogʻliqni saqlashga sarflanadigan xarajatlar 2018 yilga nisbatan 30,5 foizga oshadi va 12,1 trln soʻmni yoki barcha xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi. Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiyalar toʻlash uchun sarflanadigan xarajatlar 5,2 trln soʻmni tashkil etadi (+61,8%).

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 478 ta aholi punktida yashash sharoitlarini yaxshilashga 6,3 trln soʻm yoʻnaltiriladi. 2019 yilda Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1% miqdorida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Keyingi yilda ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy toʻlovlar va stipendiyalarni har yarim yilda avvalgi yildagi inflyatsiya darajasidan past boʻlmagan miqdorda oshirish taklif etildi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini mutlaq summada belgilash nazarda tutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Senat 2019 yilgi Davlat byudjetini tasdiqladi