2019 yil yakunlanishidan bir necha kun avval Markaziy bank O‘zbekistonga chet eldan yuborilgan pul o‘zkazmalari miqdori haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.
Markaziy bankning «O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi» hisobotida keltirilgan raqamlarga ko‘ra, 2019 yilning 9 oyida mamlakatdagi jismoniy shaxslarga – rezidentlarga chet eldan yuborilgan transfert pul o‘tkazmalari miqdori qariyb 4,5 mlrd. dollarni tashkil qilgan va 2018 yilning mos davriga nisbatan 16,4% foizga oshgan.
Ushbu mablag‘larning aksariyat qismini o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining o‘z oilalariga yuborgan pul o‘tkazmalari va aholining chet elda istiqomat qiladigan qarindoshlari amalga oshirgan o‘tkazmalar tashkil qiladi.
Albatta, amaliyotda bunday pul o‘tkazmalari tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar maqsadida ham amalga oshirilishi mumkin. Masalan, nisbatan kichik hajmdagi tovar va xizmatlar eksportida. Ammo, mazkur pul o‘tkazmalarining umumiy hajmida ushbu eksport operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar miqdori nisbatan kam qismini tashkil qiladi.
Quyida ushbu pul o‘tkazmalarining oxirgi 3 yillik dinamikasini, bunda kuzatilayotgan tendensiyalar va bu transfertlarning aholi daromadlari tarkibidagi ulushi haqida qisqacha tahlilni e’tiboringizga havola qilamiz.
Koreya va Isroildan pul o‘tkazmalar hajmi deyarli 3 baravar oshdi
Shuni ta’kidlash joizki, oxirgi 2 yilda respublikaga xorijdan yuborilgan o‘tkazmalar hajmining o‘sishi bilan birga, O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari miqdorining o‘sish sur’ati bundan ham yuqori darajada. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning 9 oyida 20,6 foizga, 2018 yilning 9 oyida esa 23,7 foizga o‘sgan. Buning sababi, oxirgi bir necha yillarda respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar bois import operatsiyalar hajmining o‘sishi bilan bog‘liq, deb taxmin qilish mumkin.
Lekin, respublikadan chetga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishiga qaramay, uning umumiy miqdori O‘zbekistonga “kirib kelgan” pul o‘tkazmalar hajmiga nisbatan ancha kam miqdorda bo‘lib qolmoqda. Bu degani, pul o‘tkazmalari transfertida respublika katta hajmdagi ijobiy saldoga ega. 2017-2018 yillarning 9 oyida amalga oshirilgan transfertlarda «netto pul o‘tkazmalari» hajmi, ya’ni O‘zbekistonga va O‘zbekistondan yuborilgan o‘tkazmalar o‘rtasidagi farq qo‘yidagicha:
2017 yilning 9 oyida: $3,09 mlrd.,
2018 yilning 9 oyida: $3,19 mlrd. (+3%),
2019 yilning 9 oyida: $3,66 mlrd. (+15%).
Keyingi 3 yilda jismoniy shaxslarning O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini chet el davlatlari kesimida olib qaraganda, ushbu mablag‘larning deyarli 95 foizi 6 ta mamlakatdan, 83-87 foizi esa Rossiya va Qozog‘istondan yuborilgan. Ammo, oxirgi 2 yilda boshqa 4 davlatdan yuborilgan pul o‘tkazmalar hajmining o‘sish sur’ati juda yuqori.
Mazkur davr mobaynida pul o‘tkazmalar miqdori AQSHdan 36%ga, Turkiyadan 43%ga, Koreya va Isroildan esa qariyb 3 baravarga oshgan. Shu bois, 2017-2019 yillarning 9 oyida Rossiya va Qozog‘istondan yuborilgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmdagi ulushi 87 dan 83 foizgacha kamaygani kuzatilmoqda.
2019 yilda aholi daromadlari tarkibida ushbu transfertlar ulushi oshgan
Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra 2019 yilning yanvar-sentabr oylarida respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining aholini umumiy daromadlari tarkibidagi ulushi 15,3 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 14,4 foiz bo‘lgan, ya’ni 2019 yilning 9 oyi davomida deyarli 1 foizga o‘sgan.
Respublika hududlari bo‘yicha aholi daromadlari tarkibida pul o‘tkazmalarining ulushi Xorazm (+1,2%), Surxondaryo (+1,2%), Qashqadaryo (1,4%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+1,3%) sezilarli darajada o‘sgan. Navoiy viloyatida esa aksincha, bu ko‘rsatkich 0,2 foizga pasaygan.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi