Adliya vazirligi paxta va g‘allaga davlat buyurtmasi bekor bo‘lishi, buning mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi sohasida tutgan o‘rnini tahlil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatida davlatimiz rivoji uchun o‘ta muhim g‘oyalar va islohotlar ilgari surildi. Barchasi tegishli sohalarning oldinga qarab dadil qadam qo‘yishiga zamin yaratadi, ularning kompleks tarzda hayotga tatbiq etilishi esa davlatimizni uzoq muddatli barqaror rivojlanishga sabab bo‘lishi shubhasiz.
Shular ichida O‘zbekistonning oxirgi asrlardagi iqtisodiy-ijtimoiy voqealigi, kerak bo‘lsa, xalqining taqdiriga katta ta’sir qilib kelgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi inqilobiy yangilik xalqqa e’lon qilindiki, bu murojaatda tilga olingan eng e’tiborli va qadrli mavzulardan ekanligini e’tirof etish zarur. Ya’ni paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasini bekor qilish qarori kulminatsion va strategik ahamiyatga ega yangilikdir.
Bu nega muhim?
Nima uchun bu shunchalik muhim degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Qisqacha aytganda, paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi fermerlar faoliyatida tubdan o‘zgarish keltirib chiqaradi, ularning o‘z yerlarida faoliyat yuritish erkinligiga turtki beradi, raqobat o‘sadi, ya’ni manfaat kuchayadi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligida unumdorlikning oshishiga olib keladi.
Prezidentimiz ham paxta va g‘alla xalqimizning kosasi oqarishiga olib kelmaganini ko‘p marotaba ta’kidlab kelmoqdalar: “Afsuski paxta bizni boqmadi” deyildi davlat rahbari nutqida. Shu bois so‘nggi paytlarda mazkur sohadagi liberal islohotlar dadil amalga oshirilmoqda, shu sababli ushbu qarorni murojaatdagi eng muhim yangilik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi, xohlaymizmi-yo‘qmi, boshqa barcha sohalarning faoliyatiga, kerak bo‘lsa, ushbu sohalarning rivojlanish istiqbollariga, hattoki, taqdiriga ta’sir qilib kelmoqda. Jumladan, agrar sohadagi mavjud munosabatlar davlatdagi qonun ustuvorligini ta’minlashga, shartnomaviy munosabatlarning rivojlanishiga, moddiy resurslarning taqsimlanish prinsiplariga, davlatdagi narx siyosati yuritilishiga, ma’muriy islohotlarga (ya’ni qaysi organ aslida qaysi funksiyalarni bajarishi kerak), korporativ boshqaruv tizimiga yoki bank-moliya sohasining ishlash prinsiplariga, umuman, bozor iqtisodiyotining qaror topishiga, qishloq hududlarining rivojlanishiga ta’sir qiladi.
Chunki bu sohaning real ishlashini ta’minlash uchun safarbar etiladigan kuchlar yuqoridagi sohalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi va o‘z-o‘zidan ularni o‘z ta’siri ostiga oladi.
Shuni e’tiborga olib, qishloq xo‘jaligidagi yengilliklar boshqa sohalardagi mavjud qoidalar, prinsiplar, munosabatlarning ham rivojlanishiga olib keladi, deyish mumkin. Paxta va g‘allaga davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi esa buyurtmachining bu sohaga aralashuvini kamaytiradi. Bu borada safarbar etib kelingan resurslar maqsadga muvofiq taqsimlanadi: xususan, hokimliklarga boshqa muhim strategik vazifalari, ayniqsa, bugungi kunda eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy soha bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.
Rivojlanish omillari
Kun tartibida qishloq xo‘jaligiga yangi texnologiyalar, innovatsiyalar kiritish juda dolzarb masala sifatida ko‘ndalang qo‘yilyapti, investitsiyalar, raqobatbardosh mahsulotlar, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.
Bu ulkan transformatsiya jarayonini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligida qanday sharoit va muhit bo‘lishi lozim, degan haqli savol tug‘iladi, albatta.
Umuman olganda, har qanday sohada bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga katta turtki bo‘luvchi omillar mavjud bo‘lib, ular ichida eng muhim va fundamentallaridan biri – bu mulkka, mulkiy huquqlarga bo‘lgan munosabat va sharoitdir.
Tarixga nazar solib, qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan yutuqlarga erishgan yoki xatolarga yo‘l qo‘ygan mamlakatlar tajribasini o‘rgansak, ushbu eng bazaviy qoida, ya’ni yerga bo‘lgan huquqlarning himoyalanganligi darajasi qayta-qayta markaziy omil sifatida gavdalanaveradi.
Bu yerda gap yerga nisbatan xususiy mulkchilik munosabati to‘g‘risida ketmayapti, balki har qanday huquqning kafolati, ya’ni shu huquqni beruvchi tomonidan "o‘yin qoidalari"ga rioya etilishi, qoidalarning tez-tez o‘zgarishiga yo‘l qo‘yilmasligi, ya’ni barqarorligi, eng xavflisi esa, ushbu huquqlardan judo etmaslik istiqbollaridir. Bu borada ob’ektiv nuqtai nazardan xavf-xatar qancha baland bo‘lsa, jozibadorlik shuncha kam bo‘laveradi.
Bu albatta yangilik emas, barcha sohada xuddi shu bazaviy tamoyillar hukmron. Lekin aynan yuqoridagi kabi barqaror munosabatning mavjud bo‘lishi yerga, demakki, qishloq xo‘jaligiga investitsiya ob’ekti sifatida qaralishiga olib keladi.
Ya’ni investor/fermer/tadbirkor o‘z istiqbolini oldindan rejalashtirib, manfaatini hisob-kitob qilib, mulkiy ob’ektlaridan eng maqbul tarzda foydalanish yo‘llarini izlaydi, yer haqida qayg‘uradi, tuproq unumdorligini o‘ylaydi. Qo‘shimcha raqobat muhitining mavjud bo‘lishi esa, ularni o‘z harakatlarini ko‘p marotaba amalga oshirishga majbur qiladi.
Yer huquqlari va uni himoya qilish institutlari uchun muhim omil sifatida, birinchi navbatda, xavfsizlik turadi. Aynan shu tuyg‘u, ya’ni xavfsizlik darajasi mulkdor yoki yer foydalanuvchisining yerga nisbatan qanday qarorlar qabul qilishiga bevosita ta’sir qiladi: investitsiya kiritadimi yoki yo‘q, uni asrab avaylaydimi yoki yo‘qmi? Shuning uchun ham, yerga bo‘lgan huquqlar davlatlar tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tuvchi huquqlar ichida shakllana boshlagan va tegishlicha himoyalangan. Ayrim davlatlarda esa, masalan Germaniyada an’anaviy ravishda sudlar tomonidan yerga bo‘lgan huquqlar ro‘yxatga olib kelingan (hozir ham shunday). Yerga nisbatan huquq eng ko‘p qadrga-qiymatga ega huquq bo‘lgani uchun ham, sudlar uning himoyasiga otlangan.
Yoki aksincha, har tomonlama ob’ektiv faoliyat yurituvchi, yer huquqlari himoyasini qat’iy ravishda ta’minlay oladigan tizimning, ya’ni davlat institutlarining mavjud bo‘lmasligi yer munosabatlarida tartibsizlikka olib kelishi mumkin. Bu masalada qonunlarda kafolatlar belgilangan bo‘lib, ular amaliyotda tatbiq etilmasa ham xuddi shunday salbiy oqibatlar yuz beradi (Uganda, Meksika).
Davlatlar har xil, millatlar, urf-odatlar va dunyoqarash turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin fundamental qoidalar barcha jabhalarda bir xil natija beradi. Xususan, qishloq xo‘jaligidagi asosiy rivojlanish omillarining negizida samarali va shaffof, tenglikni ta’minlovchi institutlarning ishlashi, mulkiy huquqlarning himoyalanishi, ertangi kunni rejalashtira olish imkoniyati, asossiz o‘z huquqlaridan mahrum bo‘lish xatarlarining yo‘qligi yotadi. Agar birontasi ishlamasa, butun bir mexanizm, ya’ni tizim yoki soha ishlamaydi. Yerdan foydalanuvchida rag‘bat va manfaat bo‘lmasa, bironta formula samara bermaydi.
Shunday ekan, paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi ham aynan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining o‘z yerlaridan o‘zlari xohlaganicha foydalana olishi, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib ekinlarni joylashtirishi va narxlarni shakllantirishini taqozo etadi. Yerlarga bo‘lgan huquqlar himoyasining yanada kuchaytirilishi esa qishloq xo‘jaligidagi unumdorlik va rivojlanishni juda yuqori darajaga ko‘tarishi aniq. Ushbu qadam qishloq xo‘jaligida O‘zbekiston tarixida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Kuni kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4575-son qarori murojaatda belgilangan vazifalarning ijrosiga jiddiy kirishilganligini anglatadi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik strategiyasini 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi mazkur qarorda bu borada aniq mexanizmlar ko‘zda tutilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»