07:30 / 07.06.2022
1 500

«Narxlarning keskin oshishiga aytarli asos yo‘q» — vazirlik rasmiysi

«Narxlarning keskin oshishiga aytarli asos yo‘q» — vazirlik rasmiysi
Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati
O‘zbekistonda 2021 yili 6 million 30 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 7,5 million tonnadan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahridagi «Bog‘iston non» korxonasiga 6 iyun kuni tashkil etilgan press-tur davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul xodimi Shahobiddin Ortiqov ma’lum qildi.

Shahobiddin Ortiqov
Foto: «Daryo»

«Daryo»ning xabar berishicha, vazirlik rasmiysi OAV vakillarining «Non narxining keskin oshib ketishi mamlakatda kambag‘allarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmaydimi?», degan savoliga javob berarkan, xususan shunday degan:

«Yo‘q, sabab bo‘lmaydi. Bugungi kunga qadar non va unning 70-80 foizi bozor narxida sotib kelinayotgan edi. Qisman davlat resursi hisobidagi bug‘doydan ishlab chiqariladigan unlarning narxi ushlab turilgan edi. Bu ochiq, sog‘lom bozor prinsiplariga to‘g‘ri kelmasdi. Shuning uchun ham 1 iyundan boshlab erkin narxlar shakllanish jarayoni boshlandi.

Narx oshishini kambag‘allik bilan bog‘laydigan bo‘lsak, dastlab pensiya va nafaqa oluvchilarga, kam ta’minlangan oilalarga bir martali 300 ming, 400 ming so‘mlik pullar tarqatildi. Bundan tashqari, iyun oyidan boshlab, har bir ehtiyojmand qatlam, «temir daftar», «ayollar daftari»dagi aholiga hokimliklar tomonidan ro‘yxat asosida 20 kilodan un mahsuloti tarqatilyapti. Har bir viloyatda 20-30 minglab kishiga berilmoqda.

Albatta, bu bir martalik yordam-ku, degan savol ham paydo bo‘lishi mumkin. Bu doimo vaziyatga qarab tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganib boriladi. Narxlarning keskin oshishiga aytarli asos yo‘q, hamma vaqt davlat bunga tayyor turibdi. Moliyaviy tomondan ham, boshqa tomondan ham kuchimiz, qurbimiz yetadi. Bu yerda hech qanaqa sarosimaga tushadigan asos yo‘q
», — deydi Shahobiddin Ortiqov.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonga bug‘doy yetkazib beruvchi asosiy davlat Qozog‘iston hisoblanadi.

«Un va bug‘doy zaxiralarimiz ham yetarli. O‘zbekistonda o‘tgan yili 6 million 30 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 7,5 million tonnadan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.

Bug‘doy zaxiralarimizning yetarli bo‘lishiga yana bir omil sifatida import hajmini aytish lozim. O‘tgan yilning yanvar may oylarida 1,1 million tonna bug‘doy import qilingan bo‘lsa, joriy yilning xuddi shu davrida 1,2 million tonnadan ortiq bug‘doy import qilindi. Asosiy importyor Qozog‘iston hisoblanadi
», — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi vakili.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Narxlarning keskin oshishiga aytarli asos yo‘q» — vazirlik rasmiysi