1 770
O‘zbekistonni qamrab olgan onlayn-qimor o‘yinlari — samarasiz taqiq, o‘g‘rilik va suiqasdlar
Foto: «Kommersant’»
Bugungi kunda O‘zbekiston hududida bukmekerlik faoliyatini olib borish yoki targ‘ibot bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Biroq bu xorijiy bukmeker kontoralarning mamlakatda faoliyat yuritishiga unchalik to‘siq bo‘lmayapti.
Ularning faoliyati oqibatida katta miqdordagi mablag‘ini yo‘qotgan shaxslarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paymoqda. So‘nggi bir yilda 4 ta shunday holat qayd etilgan. Bu ommaga ma’lum bo‘lgan holatlar. Yana biz bilmagan, xabarlarda ochiqlanmagan qanchasi bor ekani noma’lum.
Qolaversa, «Daryo» tahririyatiga hozirgi paytlarda onlayn-qimor o‘yinlari tufayli pulsiz yoki hatto xonadonsiz qolgan fuqarolarning yaqinlaridan murojaatlar kelib tushmoqda.
Taqiq bor. Natija esa deyarli yo‘q
Qimor o‘yinlari O‘zbekistonda 2007 yildan buyon taqiqda bo‘lgan. Yaqin vaqtlargacha bu cheklov samarali edi. Biroq texnologiyalar rivojlanishi bilan vaziyat keskin o‘zgardi. Bu rasmiy darajada ham tasdiqlangan.
Masalan, yil boshida adliya vaziri Ruslanbek Davletov qimor o‘yinlari jamiyatda katta muammoga aylanib borayotganini, biroq hozirda onlayn kontoralarni butunlay bloklash imkonsiz ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston onlayn qimor o‘yinlari oldida jiddiy muammoga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, agar rasmiylar kazino saytlarini bloklagan taqdirda ham foydalanuvchi VPN orqali ularga xavfsiz ulanish imkoni borligi aytiladi.
- Aytish mumkin, serverlari O‘zbekistonda bo‘lsin, deb. Biroq buni imkoni yo‘q. Katta-katta davlatlar hali serverlarni o‘ziga olib keltirolmayapti, — degan adliya vaziri.
Google kompaniyasida ishlaydigan dasturchi «Daryo»ga VPN bor ekan, bazasi xorijda joylashgan saytlarni butunlay cheklash juda qiyin masala, deb tasdiqladi.
Foto: «TASS»
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha serverlarning IP manzilini bloklash imkonsiz.
- Banklar orqali esa shunday serverlardan pul kirim-chiqimining oqiminigina taqiqlash mumkindir. Lekin uni ham chetlab o‘tish yo‘llari topiladi, — deydi mutaxassis.
Qimor reklamalari taqiqlangan. Biroq bu cheklov ham yaxshi natija bermaydi
O‘zbekistonda nafaqat qimor o‘yinlari, balki ularning reklamasi ham taqiqlangan. Lekin bu allaqachon eskirgan va samarasiz normaga aylangan.
Bukmekerlar juda boy kompaniyalardan sanaladi. Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, eng mashhur kontoralardan biri yiliga bir necha yuz million dollar sof foyda ko‘radi.
Bunday budjet bilan esa bukmekerlar istalgan davlatni o‘z reklamalari bilan to‘ldira oladi. Ana shu vaziyat hozir O‘zbekistonda sodir bo‘lmoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘nlab pul tikish saytlarini bloklab, yuzlab reklamalarni aniqlagan, lekin ular soni ko‘paysa ko‘payyaptiki, kamayishidan darak yo‘q.
Barchasini bloklash esa imkonsiz — bugun biri yopilsa, ertaga uning o‘rniga 10 ta yangisi paydo bo‘lmoqda.
«Daryo»ning qisqa muddatli monitoringi ham Telegram’da qimor o‘yinlariga aloqador 50 ga yaqin asosiy kanallar mavjudligini, ulardan ba’zilari 200 ming obunachiga egaligini ko‘rsatadi.
Foto: «TASS»
Ko‘p sonli foydalanuvchilariga ega YouTube platformasida ham bukmekerlarni reklama qiluvchi bir necha ming o‘zbek tilidagi roliklar topiladi. Xuddi shunday holat TikTok va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida ham kuzatiladi. Qolaversa, yaqinda o‘zbekistonlik blogerlar onlayn qimorni reklama qilgani haqida ham xabar berilgan.
Biroq muammo texnologiyalar bilangina cheklanmaydi — Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hisobotlariga ko‘ra, qimor o‘yinlarining reklamalari oflayn rejimda ham faol ravishda tarqalmoqda.
Nafaqat taklif, balki talab bilan ham ishlash kerak
Qimor o‘yinlarini nazorat qilish usullari eskirgan. Buni yaqinda Zo‘r TV telekanaliga berilgan ogohlantirishdan ham tushunish mumkin.
Aslida ushbu telekanal hech qanday qimor idoralarini reklama qilmagan — shunchaki bukmekerlik kontori homiylik qilgan sport tadbirini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatgan va unda 1Xbet reklama bannerlari aks etgan.
Foto: Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi
Hozir homiy yoki hamkor sifatida bukmekerlar joy olmagan sport tadbirni topish qiyin. Masalan, ba’zi sport jamoalar o‘zining futbolkalarida bukmekerlarni nomini qo‘ygan. Shunda futbol efirlariga ham chek qo‘yish kerakmi?
Masalan, odamlarga oson yo‘l bilan pul topish imkoni yo‘qligi, bo‘lganida ham tatimasligi, ular oxiri berk ko‘chaga olib borishi, bu tavakkal katta xavfga qo‘yilgan qadam ekanini ko‘proq tushuntirish orqali qiziqish va talabni kamaytirish mumkin.
Agar talab yuqoriligicha qoladigan bo‘lsa, hech qanday cheklovlar foyda bermaydi. Qiziquvchilar taqiqlarni aylanib o‘tadigan yo‘llarni topadi.
Yana bir samarali, biroq gapirgan bilangina yechim topishi amri mahol bo‘lgan yo‘l — odamlarning turmush darajasini yaxshilash va o‘rtacha daromadini ko‘tarishdir. Yaxshi ishlab, yuqori maosh oladigan inson qing‘ir yo‘l orqali keluvchi pullarga qiziqmaydi.
Albatta, buni amalga oshirish murakkab va yillar talab qilishi mumkin.
Bunday holda bizning vazifamiz — yana ularning xavfli ekani, osonlikcha pul topish baxayr emasligini tushuntirish va bugungacha ma’lum oqibatlari bilan bo‘lishishdan iboratligicha qoladi.
Albatta, hayot faqat mehnatdan iborat emas. Odamlar mehnatiga yarasha turli dam olish imkoniyatlariga ham ega bo‘lishi kerak. Afsuski, odatda tabiiy bo‘lishi kerak bo‘lgan bu jarayon O‘zbekistonda katta muammo.
Umumiy qilib aytganda, hozirgi yondashuv o‘zini oqlamasligi, usullar esa eskirgani aniq. Biz buni qanchalik rad etsak, shuncha oqibatlariga duchor bo‘laveramiz. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin