09:30 / 04.07.2022
2 948

Nukusdan tarqalgan feyklar. Bu tashqi kuchlarning asl yuzini ko‘rsatib qo‘ydi

Nukusdan tarqalgan feyklar. Bu tashqi kuchlarning asl yuzini ko‘rsatib qo‘ydi
Foto: Kun.uz
Qoraqalpog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi yuzasidan noroziliklar ruxsat olinmagan va kelishilmagan noqonuniy mitinglar va tartibbuzarliklarga aylanib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda biri birini rad etuvchi yolg‘on-yashiq xabarlar va videolar tarqaldi.

Nukus shahrida bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri xabar berishicha, namoyishga chiqqanlar ko‘chalarda avtomobillarga hujum qilishgan, ijtimoiy soha ob’ektlariga ham ziyon yetkazishgan.

Umuman, bunday noroziliklar o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi. Qanday davlatda yuz bermasin, bunday norozilik namoyishlari voqealarning keyinchalik puxta tahlil qilinishi asnosida ular destruktiv kuchlar tomonidan chetdan turib boshqarilishi, unga puxta tayyorgarlik ko‘rilishi — allaqachon o‘z isbotini topib bo‘lgan.

Qoraqalpog‘istondagi voqealar ham juma kuni, juma namozi o‘qilgach, jurnalist Davletmurat Tajimuratovning olomon oldida chiqish qilgani, uning chiqishi messenjerlar orqali tarqatilganidan so‘ng avj olgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Qoraqalpog‘istondagi voqealarni xaspo‘shlash ham osongina: xalq go‘yoki o‘z ozodligi uchun kurashmoqda. Lekin Qoraqalpog‘istonda 2 millionga yaqin inson istiqomat qiladi. Ularning barchasi bu namoyishlarda ilgari surilgan talablarni olqishlarmikan?

Qoraqalpog‘istonliklarga, ayniqsa, qoraqalpoq xalqiga xorijdan turib O‘zbekistondan ajralib, mustaqil davlat bo‘lishni targ‘ib qilib turuvchi, ayirmachilikka doir tashviqot ishlarini anchadan buyon olib borayotgan guruhlar borligi haqiqat. Ular kecha yo bugun paydo bo‘lgan emas. Ular O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalikni ko‘rolmaydigan, bu yerda turli fitnalar chiqarib, vaziyatni hal etishda o‘zining «beminnat yordam qo‘li»ni cho‘zishga tayyor bo‘lgan, yoinki dunyo hamjamiyati oldida O‘zbekistonning yuzini shuvut qilishga urinuvchi ayrim davlatlarning nog‘orasiga o‘ynashi ham haqiqat.

Holbuki, qariyb bir asrdirki, biror o‘zbek qoraqalpoqning millatini pisanda qilgan emas, tilini yerga urgan emas, unga past nazar bilan boqqani yo‘q, yoki boshidan yo yelkasidan turtmagan. Bir nonni bo‘lishib, yaxshi-yomon kunlarni birgalikda kechirib kelyapmiz.

Adolat yuzasidan tan olish kerak, O‘zbekiston tarkibida qoraqalpoq tili, madaniyati va qadriyatlari erkin rivojlanib kelmoqda. Bu borada biror to‘siq qo‘yilgani yo‘q. Qaytaga ularni yuksaltirish, butun O‘zbekistonniki bo‘lishi, shunday his qilinishi uchun tinimsiz targ‘ib qilinadi.

Lekin bu ezgu ishlarni nazar-pisand qilmaydiganlar albatta bor va ular payt poylab o‘z qabih niyatlarini amalga oshirish, et va tirnoqqa aylanib ketgan ikki xalqni ajratish payida bo‘lib kelishadi.

O‘zingiz mushohada qiling: Nukus ko‘chalaridan tarqalgan suratlarda olomon orasida bir-biridan teng uzoqlikda turli masofalarda joylashgan qizil libosdagi provokatorlarni ko‘rish mumkin. Ular odamlarni boshqarish, yoshlarni davlat kuchishlatar tizimi xodimlariga qarshi qayrash, vaziyatni junbishga keltirish uchun avvaldan tayyorlangan emasmikin?

Albatta, bunday vaziyatda mobil internet aloqasi uzib qo‘yilishini tabiiy hol sifatida qabul qilish kerak. Chunki to‘g‘ri axborot uzatishdan ham ko‘ra, har narsaga ishonuvchi sodda xalq o‘rtasida ularni sarosimaga soluvchi, junbishga keltiruvchi noto‘g‘ri axborot va feyk xabarlar tarqatilishi ko‘payadi. Vaziyat davlat kuchishlatar tizimlari tomonidan nazoratga olinishi uchun, axborot xavfsizligi maqsadida shunday yo‘l tutiladi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

«Qonga to‘lgan Nukus ko‘chalari» degan dahshatli sarlavhalar bilan tarqatilayotgan, aslida kuchishlatar tizimlarning qizil rangli suv sepuvchi maxsus texnikasi ham vayronkor kuchlar har bir vaziyat, har bir suratdan o‘zining jirkanch maqsadi va manfaati yo‘lida foydalanayotganiga yaqqol misol.

“O‘lganlarning qoni daryo bo‘lib oqyapti” sarlavhasi bilan tarqalgan videodan skrinshot.

Aslida esa, maxsus texnika qizil rangga bo‘yalgan suv sepgan.
Bu kadrda esa o‘sha joy aks etgan - yer qizil, texnikadan qizil suv sepilmoqda.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, rangli suvdan foydalanish — noqonuniy norozilik namoyishida qatnashganlarni belgilab olish uchun ham ishlatilar ekan. Chunonchi, qizil rang ham xavfdan ogohlantiruvchi, ham tez ajratib olsa bo‘ladigan yorqin rang. Endi nima uchun olomon o‘rtasidagi provokatorlar qizil libosda bo‘lganini tushungandirsiz?

Xalqaro amaliyot, Belarusdagi namoyishlar vaqti.
Yoki kuchishlatar tizimlar tomonidan noqonuniy namoyishlarni tarqatish uchun ishlatilgan, inson salomatligiga jiddiy ziyon yetkazmaydigan yorug‘lik-shovqinli (svetoshumovaya) granata ovozi ham sodda xalqqa avtomat ovozlari, deb tushuntirilganini oling. Bu davlatga ishonchsizlik uyg‘otish, ikki xalq o‘rtasiga nifoq urug‘i sochishdan bo‘lak narsa emas.

Buni to‘g‘ri tushunmagan, real voqealardan yiroq bo‘lgan ayrim xorijiy jurnalistlar ham feyklarni ommalashtirishda o‘z «beminnat» xizmatlarini ko‘rsatishdi.

Bunday paytda aholini tinchlantiruvchi rasmiy xabarlar, chiqishlar ko‘paytirilishi kerak. Aholiga vaziyat bo‘yicha tezkor va rost axborot berishni tashkil qilish kerak. Shunday yo‘l tutildi ham.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha va bugun Nukusga shaxsan o‘zi borib, qoraqalpoq xalqi vakillari bilan uchrashgani vaziyat to‘la-to‘kis nazoratga olingani nishonasidir.

Xalqimiz Nukusdagi voqealar bo‘yicha yakdil. Noqonuniy talablar va namoyishlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Barchamiz bu xatarli kunlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, oldingidek tinch va osuda hayot kechirishda davom etishimiz lozim.

To‘g‘ri, hadik va xavotirlar bosilishi uchun yana bir-ikki kun kerak bo‘ladi. Chunki xalq noroziligiga sabab bo‘lgan o‘zgarishlar konstitutsiya loyihasiga kiritilmasligi davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilindi. Endi norozilik uchun sabab qolmadi.

Qolgan har qanday siyosiy talab va istaklarga o‘rin yo‘q. Chunki O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligi bo‘linmas va uni o‘zgartirishga bo‘lgan har qanday chaqiriqlarga tinch qarab turib bo‘lmaydi. Har qanday chigal vaziyatni o‘nglash, tashqi dushmanlarga javob berish uchun davlatimizning kuchi ham, salohiyati ham yetadi. Buni har bir fuqaro to‘g‘ri tushunishi va qabul qilishi kerak.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nukusdan tarqalgan feyklar. Bu tashqi kuchlarning asl yuzini ko‘rsatib qo‘ydi