22:26 / 15.07.2022
1 303

Parlament komissiyasi Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi

Parlament komissiyasi Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi
Qonunchilik palatasi va Senat Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun qo‘shma komissiya tuzdi. Komissiyaga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzishga qaror qildi. Tegishli qaror har ikki palata kengashlarining bugun, 15 iyul kungi qo‘shma majlisida qabul qilingan.

Qaror bilan komissiya tarkibi va komissiya to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi. Komissiya tarkibiga Oliy Majlis vakillari va xalq deputatlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari kiritilgan. Rasmiy xabarda komissiya a’zolari ro‘yxati ochiqlanmagan.

Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga oid murojaati ko‘rib chiqilgan. Tuzilgan komissiyaga Eshmatova rahbarlik qiladi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijalari O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi, deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Loyihaga kiritilgan Qoraqalpog‘istonga oid takliflar qoraqalpoq jamoatchiligida turlicha qarshi olindi. 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy namoyish va tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra 18 kishi, xususan 4 nafar harbiy halok bo‘ldi, 243 kishi (shu jumladan 38 nafar huquq organi xodimi) jarohatlandi.

Bu voqealardan keyin Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid bandlari o‘zgarishsiz qoldiriladigan bo‘ldi. Holat yuzasidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tartibsizliklarning barcha ishtirokchilari, xususan kuch tuzilmalarining ham xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berishga topshiriq bergan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Parlament komissiyasi Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi