“Qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi?” – qon-qonimizga singib ketgan gap. Ming afsuski, hozir ham ko‘plab ota-onalar shu fikrga qo‘shiladi. Qizlarni odobli, gap qaytarmaydigan, “borgan joyiga suvdek singib ketadigan” qilib ulg‘aytirish yutuq hisoblanadi. Ayniqsa ayollarimiz qizlari voyaga yetishi bilan uzatish, “egasiga topshirib qutulish”ga shoshib qolishadi.
Keyingi paytlarda qizlarni o‘qitishga bo‘lgan munosabat nisbatan o‘zgargandek bo‘lsa-da, kunda-kunora yon-atrofimizdagi ko‘plab holatlarni ko‘rib, bu ijobiy o‘zgarish yetarligi emasligini tushunamiz. Qiz bola omadi kelib o‘qidi ham deylik, lekin ularda turmushga chiqqach, kasbiy faoliyatini davom ettirish mushkul masalaga aylanadi. Ishlashga ruxsat olish uchun ham ko‘p holatda ular barcha mas’uliyatni bo‘yniga olishga majbur bo‘lishadi: ya’ni ham ro‘zg‘or ishlari, ham farzand tarbiyasi, ham ishni eplash talab qilinadi. Ishga kirishda ham kelgusida “dekret”ga ketadigan xodim ko‘pam xushlanmaydi.
Bunday qiyinchiliklar esa o‘qish orzusidagi qizlar uchun kelgusida ko‘ndalang turadigan muammo bo‘lgani sabab shu xohishni boshqasiga almashtirib qo‘ya qolish osonroqdek tuyuladi.
“Bo‘lajak farzandingiz uchun ona izlang, boshqarish oson qizni emas”
Qizlarimizni odatda “erga tegishing kerak” deb tarbiyalaymiz va hamma maqsadlarimiz shunga yo‘naltiriladi. Shunday ekan, taklifga yarasha talab deganday ko‘pchilik yigitlarimiz ham o‘qigan emas, aynan ro‘zg‘or ishlariga uddaburon qizlarga xaridor bo‘lishi tabiiy. Chunki, bunday qizlarni boshqarish o‘z dunyoqarashiga ega qizlarni boshqarishdan ko‘ra osonroq bo‘ladi.
Bu borada psixolog Gulira’no Erolova shunday deydi: “17-18 yoshdan keyin qizlarimizga qanday munosabatda bo‘lishni, qanday tarbiyalashni bilmaymiz. Ularga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish kerak, degan fikrdamiz. Qattiqqo‘llikning zaminida esa – hadik, qo‘rquv bor. Ya’ni qizi balog‘atga yetayotgan ko‘pchilik ota-onalarda “shu yoshdagi qizimni qattiqqo‘llik bilan nazorat qilmasam, butunlay erkinlikka berilib, “buzilib” ketadi, yuzimni yerga qaratadi,” degan fikr yotadi. Shuning uchun ham yelkasidagi “yuk”dan qutulish, atrofdagilarning har xil gaplaridan forig‘ bo‘lish uchun tezroq turmushga berish payida bo‘ladi. Bunday stereotipni o‘zgartirish uchun ota-onalar ham bilimga ega bo‘lishi kerak.
Yigitlar ham tanlovda ko‘proq o‘qimagan qizlarni ma’qul ko‘rishadi. Chunki bunday qiz itoatkor bo‘ladi, qizning dunyoqarashi va fikrlashi qanchalik tor darajada bo‘lsa, uni boshqarish shunchalik oson bo‘ladi deb o‘ylashadi. Chunki oilada yigitlarni tarbiyalashda ham ma’lum chegaralar o‘rnatilgan. Qizlarimizni tarbiyalashda ularga itoatkorlikni, ro‘zg‘orbop bo‘lishni qanchalik singdirsak, shuni ko‘rib o‘sayotgan o‘g‘il farzandlarimizni ham shunga tayyorlab boraveramiz.
Lekin ayrim zamonaviy, jamiyatda o‘rniga ega yigitlar o‘zlariga turmush o‘rtoq sifatida o‘qimishli, o‘ziga ishongan, jamoat orasida faoliyat yurita oladigan qizlarni ma’qul topishadi. Chunki ular o‘zlaridan keyingi avlodlari uchun ona tanlashadi, boshqarish oson bo‘lgan qizni emas”.
Dunyo mamlakatlarida talabalarning katta qismi qizlardan iborat. Bizda-chi?
AQSH. 2021 yil bahorigacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xotin-qizlar 59,5 foizni tashkil qilgan. Erkaklar esa 40,5 foizga teng bo‘lgan.
1970 yil oxirlaridan boshlab Amerika oliygohlarida qizlar ulushi oshishni boshlagan. 1992 yilga kelib AQSH oliy ta’limida talabalarning 55 foizi qizlar edi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 57,4 foizni tashkil uqilgan.
Saudiya Arabistoni. Bu davlatda ham OTMda ayollar ulushi erkaklarnikidan ko‘proq. Mamlakat ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ayollar Saudiyadagi universitet talabalarining deyarli 52 foizini tashkil qilgan. Oliy ta’limning bakalavr bosqichida 551 ming ayol tahsil olsa, erkaklarning soni 513 mingga teng.
Qozog‘iston. Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Qozog‘istonda ham 2020 yil ma’lumotlariga ko‘ra OTM talabalarining 53,2 foizi xotin-qizlarni tashkil etadi.
O‘zbekiston. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020/21 o‘quv yili boshiga respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 571,5 mingtani tashkil etgan. Shundan talaba yigitlar – 311,5 ming nafar, qizlar – 260 ming nafar. Ya’ni O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi talabalarning 45,5 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
2021/22 o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich biroz oshgan – talabalarning 47 foizi xotin-qizlardan iborat. Ammo shunda ham solishtirma raqamlar baribir bu ko‘rsatkichning kamligini ko‘rsatadi.
“Qizlarni o‘qitishga o‘g‘il bolalarni o‘qitishdan ham jiddiy qarash kerak”
Oilada o‘g‘il farzand tarbiyalayotganda unga nisbatan aniq yo‘nalishlar berilib, qiziqishlari va xohishlari hisobga olinsa, qizlar kelajagiga faqat oila bekasi, kelin, rafiqa, ona sifatida qaralishi sir emas. Shuning uchun ham ularning ta’lim olishlari o‘g‘il farzandlar kabi muhim sanalmaydi, oila budjetidan bunga pul ajratish imkon boricha o‘lchovli bo‘ladi yoki umuman ajratilmaydi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, o‘qimagan qizlar kelgusi hayotida diskriminatsiyaga ko‘proq uchraydi.
“Qizlarni o‘qitmaslik jamiyatning rivojlanishiga katta ta’sir qiladi. Aholining yarmi o‘qimasa, jamiyatning rivojlanish potensialini ikki baravar kamayadi. Biz esa ana shu potensialdan yetarlicha foydalana olmagan bo‘lamiz.
Suitsid, ajrimlar, umuman ayollarning hayotda diskriminatsiyaga duch kelishlari ularning iqtisodiy imkoniyatlari yo‘qligidan kelib chiqadi. Bunga esa o‘qimaslik tufayli duchor bo‘lishyapti.
Qizlarni o‘qitishga o‘g‘il bolalarni o‘qitishdan ham jiddiy qarash kerak degan bo‘lardim”.
“Qizlarimizni mustaqil va kuchli qilib tarbiyalashimiz kerak”
OKMK boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdulla Azizovning ham qizlar ta’limi borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
“Qizlarni bolalikdan maishiy masalalarga o‘rgatib qo‘yamiz: ro‘zg‘or tutishni bilishing, ovqat qilishni o‘rganishing kerak deb. Ular shunga mashg‘ul bo‘lib, ilm olishga, kelajakda natija beradigan ishlarga e’tiborni kamaytirishadi. Katta bo‘lganda bu ishlarni albatta o‘rganib olishi mumkin – bu qiyin emas. Lekin bolalikda yo‘qotilgan vaqt, zehn, uquvni qaytarib bo‘lmaydi.
Qizlarimizni mustaqil va kuchli qilib tarbiyalashimiz kerak. Shunda kelgusidagi muammolar oldida ikkilanib qolmaydi, o‘ziga ishonadi.
Daniyada qaysi tashkilotga bormang, xodimlarning yarmi ayollardan iboratligini ko‘rasiz. Rahbarlar orasida ham shunday. Bizda buning teskarisini ko‘rish mumkin.
Farzandlarni tarbiyalashda o‘g‘il yoki qiz bola ekanligiga ajratish kerak emas. Shuningdek, ularning qiziqishlari va bilim olishlariga pul sarflashda ham. Toki qizlarimiz hayotda hech kimga ma’naviy, moddiy jihatdan tobe bo‘lib qolishmasin. O‘z kuchi, bilimi va aqliga suyanishsin”, deydi u.
Ilmli ayoldan jamiyat faqat foyda ko‘radi
Xulosa qilib aytganda, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlashga katta e’tibor qaratishimiz juda yaxshi albatta, biroq shuning yoniga ularni o‘qitishga ham e’tiborni kuchaytirishimiz kerak. Xo‘sh, ayol o‘qimishli bo‘lishining nimasi yaxshi?
Birinchidan, unda bilim bo‘ladi. Oiladagi vaziyatni to‘g‘ri baholash, dunyoga o‘z nigohlari bilan qarash uchun bilim kerak. U tarbiyalaydigan farzandlar, nevaralar uchun ilmli onaning o‘rni juda muhim.
Ikkinchidan, ilmli ayolda o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi. Tarixdan bilamizki, o‘ziga ishongan ne-ne ayollarimiz hatto erkaklarda bo‘lmagan jasoratlarni ko‘rsata olishgan. Ishonch faqat jasorat uchun sarflanmaydi, insonda ruhiy barqarorlikni ham keltirib chiqaradi.
Uchinchidan, ayollar o‘rtasida suitsidlar kamayadi. Aytish kerakki, oliy ma’lumotli kishilarda o‘z joniga qasd qilish holati kamroq uchrar ekan.
Yana bir tomondan o‘qimishli ayol iqtisodiy qaramlikka uchramaydi. Statistikaga ko‘ra, oiladagi ajrimlarning katta qismiga moddiy yetishmovchilik sabab bo‘lmoqda. Demak, bu bilan jamiyatda o‘qigan ayollarning ko‘payishi ajrimlar kamayishiga ham turtki bo‘ladi.
Gulmira Toshniyozova,
jurnalist
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
jurnalist
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi