06:30 / 01.08.2022
2 100

Qizil chiroqda sodir bo‘lgan mo‘’jiza

Qizil chiroqda sodir bo‘lgan mo‘’jiza
Jon Xaricharan taniqli ishbilarmon, biznesda omadga erishgan. U – «Suv bo‘ylab qadam tashlash uchun qayiq oling» nomli mashhur kitob muallifi ham. Xaricharanning o‘z tilidan hikoya qilingan ushbu hayotiy voqea ko‘plarga saboq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Bu voqea uzoq yillar muqaddam jazirama yoz kunlaridan birida ro‘y bergan. Men oziq-ovqat do‘konidan ikkita mahsulot xarid qilishim kerak edi. O‘sha vaqtda men supermarketning tez-tez tashrif buyuruvchi xaridori bo‘lib, pulim o‘zimga yetmas, haftasiga bir marta qiladigan ulkan xaridga esa sira qodir emasdim.

Gap shundaki, bir necha oy avval uzoq kasallik tufayli yosh rafiqam vafot etgan edi. U sug‘urta qilinmagandi. Natijada men bir dunyo xarajat va to‘lanajak tog‘dek hisob-kitob oldida dovdirab qolgan edim.

Men xizmat joyimda to‘liq ish kuni bo‘lmas, topganlarim ikki nafar bolamni boqishim uchun uchma-uch yetardi. Vaziyat chinakamiga og‘ir edi.

Hammasi cho‘ntagimda to‘rt dollar bilan bir gallon sut va bo‘lka non sotib olish maqsadida supermarketga yo‘l olgan kunimdan boshlandi (gallon – suyuq va sochilma jismlar uchun 4,54 litrli o‘lchov birligi). Bolalarim och, yeyish uchun nimadir xarid qilishim kerak edi.

Men svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtaganimda o‘ng tomonimda – ko‘chaning bir burchagida turgan yosh erkak va yosh ayolga hamda kichkina bolakayga ko‘zim tushdi. Choshgoh quyoshi ularni yondiradigan darajada nur sochardi.

Erkak «Men yegulik uchun ishlashga roziman» deb yozilgan karton qog‘ozni ushlab olgan. Ayol shundoq yonginasida. U svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtagan har bir avtomobilga termilib qarardi. Ikki yoshlardagi go‘dak esa o‘tloq ustida o‘tirgan ko‘yi bir qo‘li yo‘q qo‘g‘irchoqni o‘ynar edi. Men bu manzaraga qizil chiroq yashil rangga almashgungacha bo‘lgan o‘ttiz soniya ichida guvoh bo‘ldim.

Ularga bir necha dollar bergim keldi, ammo bunday qilsam, sut va nonga pulim qolmasdi. To‘rt dollar ana shu mahsulotlarga yetardi, xolos. Yashil chiroq yonganida bu uchovlonga so‘nggi bor qaradim va ikki tomonlama aybdorlik hissi (chunki yordam berolmadim) va umidsizlik ila (pulim kamligi tufayli ular bilan baham ko‘rolmadim) gazni bosdim.

Ammo yo‘l mobaynida miyamda chuqur o‘rnashib qolgan bu uch nafar insonning qiyofasidan qutulolmadim. Yosh yigit va oilasining g‘amgin ko‘zlari menga aslo tinchlik bermasdi. Boshqa chidab bo‘lmasdi. Men ularning dardini his etgan va nimadir qilishim kerak edi. Mashinamni shartta burdim va orqaga – ularni ko‘rgan joyimga qaytdim.

Uchovlonga yaqinroq bordim va to‘rt dollarimdan ikki dollarini yigitga uzatdim. U minnatdorchilik bildirar ekan, ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Men tabassum qilib, supermarket sari yo‘limni davom ettirdim. Sotuvda non ham, sut ham bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Faqat nonni yoki sutning o‘zini sotib olsam-chi? Shunday qilaman.

Avtomobilimni to‘xtash joyiga olib kirar ekanman, haligi uchovlonga qilgan ehsonim haqida yana o‘ylay boshladim. To‘g‘ri ish qilganim uchun kayfiyatim ko‘tarilgan edi.

Mashinadan tushayotib, sirpanib ketib qaradim: asfalt ustida yigirma dollarlik pul yotardi. Ishongim kelmasdi. Vujudimga titroq kirib, pulni oldim va do‘konga yugurdim. Nafaqat non va sut, balki o‘zimga nihoyatda kerakli boshqa mahsulotlarni ham sotib oldim.

Men bu voqeani bir umrga eslab qolganman. U menga olam – ajib va jumboqli ekanligini eslatardi. U mening Koinot cheksizligi haqidagi e’tiqodimni mustahkamlar edi. Men ikki dollar berdim va evaziga yigirma dollar oldim.

Boya kelgan yo‘ldan ortimga qaytar ekanman, o‘sha och-nahor oila yonida to‘xtadim va yana besh dollarni ularga uzatdim.

Bu mening hayotimdagi ko‘plab hodisalarning faqat bittasi. Shunday tasavvur qoladiki, biz qancha ko‘p bersak, yanada ko‘p olamiz. Aftidan, bu eng mukammal qonun bo‘lib, shu tarzda yangraydi: «Nimadir olishni istasangiz, avval berishingiz kerak».

Quyidagi to‘rtlik bor:

Bor ekan-da, yo‘q ekan, bitta odam bor ekan,
Boshqalar – hamma uni jinni, telba der ekan.
U esa indamasdan o‘z ishi-la andarmon:
Qanchalik ko‘p ulashsa, shu qadar boyir omon.


Bilasizmi, biz ko‘pincha berishga hech nimamiz yo‘qligi haqida o‘ylaymiz. Vaholanki, yaxshilab qarasak, o‘zimiz egalik qiladigan ozgina narsani ham boshqalar bilan bo‘lishish mumkinligiga fahmimiz yetadi. Ko‘p pul topish va ulashish fursati kelishini kutib o‘tirmang. Kamgina narsani ham bo‘lishsangiz, olam xazinasini ochgan va ezgulik urug‘ini qadagan bo‘lasiz.

Mening so‘zlarimga ishonmasligingiz mumkin. Yaxshisi, chin yurakdan hadya qiling, ana shunda natijalar sizni chinakamiga hayratga soladi. Biz kimga bersak, aynan o‘shalardan qaytib kelmaydi. U biz mutlaqo o‘ylab ham ko‘rmagan manbadan keladi. Shunday ekan, boylik sari o‘z yo‘lingizdan keting.

Ushbu mukammal tamoyil taqdim etayotgan imkoniyatdan foydalaning. O‘zingizga imkoniyat bering. Mukammal tamoyillar to‘xtamasdan ishlaydi.

Yuqoridagi tarixga muvofiq ravishda ba’zan sizning saxiyligingizga javob juda tez keladi. Boshqa holatlarda esa keyinroq. Nima bo‘lganda ham ishoning: berganingizga nisbatan ancha ko‘p olasiz.

Faqat berayotib yurakda og‘riq bilan emas, aksincha yurakda limmo-lim minnatdorchilik ila hadya qiling. Hammasi qay tarzda ro‘y berganini ko‘rib, zavq-shavq tuyasiz. O‘zingizdagi oz narsani ham berib, hayotingizga kirib kelajak boylik darvozasini oching. Buyuk O‘qituvchi aytganidek: «Bering va sizga qaytadi». Buni sinab ko‘ring. Sizga yoqadi.

Akbar Fathullayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qizil chiroqda sodir bo‘lgan mo‘’jiza