16:44 / 02.08.2022
1 718

«1 milliardlik xarajat, 3,5 milliardlik qarz va gullar…» – Namangandagi gullar festivali

«1 milliardlik xarajat, 3,5 milliardlik qarz va gullar…» – Namangandagi gullar festivali
Namangan shahar hokimligi
Joriy yilning 22 may - 5 iyun kunlari Namangan shahrida xalqaro «Gullar bayrami festivali»ning 61 yilligi bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur tadbir «xalqaro» deb nomlangan bo‘lsa-da, aksariyat ishtirokchilarning guvohlik berishicha, gullar festivaliga qo‘shni qirg‘izistonliklar va O‘zbekistonda sayyoh bo‘lib turgan ayrim davlatlar fuqarolarigina ishtirok etganlar.

Ehtimol, festivalga taklif qilingan xorijiy ishtirokchilar va mehmonlar soni ko‘p bo‘lgandir. Chunki viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov 11 aprel kuni imzolagan qaror matnida ular uchun alohida band qilinib, Namangan shahar va yana 7 ta tuman hokimlariga festival kunlari mehmonxonalarda mehmonlarni qabul qilish quvvati yetarli bo‘lmagan taqdirda tashabbuskorlarni jalb qilgan holda yangi qurilayotgan mehmonxonalar qurilishini tezlashtirish hamda kamida 100 tadan mehmon uylarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

Xullas gap bu haqda emas...

Gap ushbu festivalning namanganliklarga qanchaga tushgani-yu, o‘tib bo‘lgan tadbirga yana qancha mablag‘lar ajratilayotgani to‘g‘risida.

Xalqaro «Gullar bayrami festivali»ga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, ayni yuqoridagi hujjatga muvofiq, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan smeta asosida Namangan viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi kerak.

Shunga ko‘ra, Namangan shahar hokimi G‘.Jamolov 18 may kuni festival munosabati bilan shahar markaziy ko‘cha, hiyobonlar hamda «Z.M.Bobur» bog‘i hududida obodonlashtirish, bayramona bezatish hamda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida tashqi yoritish illyuminatsion tarmoqlarini tortish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun shahar mahalliy budjetining 2022 yil zaxira jamg‘armasi hisobidan 200 million so‘m mablag‘ni shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ajratish to‘g‘risidagi farmoyishni imzolaydi.

Bundan tashqari, shahar mahalliy budjeti zaxira jamg‘armasi hisobidan 21 may kuni 714 million 547 ming va 8 iyun kuni yana 50 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar yuqoridagi maqsadlar uchun shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ajratiladi.

Qolaversa, ikki hafta davom etgan festival sabab yopilgan ko‘chalar, turli idora va tashkilotlardan xizmatga jalb etilgan xodimlar, shuningdek, shahar ko‘chalaridagi «bayram paradi»da ishtirok etgan 150 ta avtomashinalaridan iborat avtokarvon ular tegishli bo‘lgan tashkilotlar uchun qanchaga tushgani ham qiziq...

Bundan ham qizig‘i esa 964 million 547 ming so‘m (mazkur mablag‘lar mahalliy budjetning 2022 yil zaxira jamg‘armasi hisobidan ajratilgan bo‘lib, bunga «homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar»dan yo‘naltirilgan mablag‘lar kirmaydi, -mual.) sarflanib tashkillashtirilgan festival xarajatlari shu bilan tugamaydi.

Joriy yil 30 iyul kuni e’lon qilingan Namangan viloyati hokimi qarori loyihasiga ko‘ra, viloyat budjeti daromadlarining 2022 yil ikkinchi hisobot chorak yakuni bo‘yicha aniqlangan prognozdan oshirib bajarilishidan hamda budjet tizimi budjetlaridan ajratiladigan mablag‘lar kamaytirilishi natijasida bo‘shab qolgan mablag‘lar hisobidan «Gullar festivali» uchun yana 3,5 milliard so‘m ajratish rejalashtirilyapti.

Ya’ni yuqoridagi hujjat loyihasiga ko‘ra, viloyat hokimi Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga Namangan shahar mahalliy budjetiga Samarqandda Namangan tajribasi bo‘yicha gul ekish ishlari xarajatlari hamda Namangan shahrida o‘tkazilgan gul bayramini o‘tkazishdan hosil bo‘lgan qarzdorlik uchun 3,5 milliard so‘m ajratish to‘g‘risida taklif kiritgan.

Darvoqe...

Festival doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, haykalcha va quyidagi sovg‘alar bilan taqdirlangan:
  • Oliy o‘rin (2 nafar) – avtomobil;
  • 1-o‘rin (2 nafar) – qimmatbaho sovg‘alar;
  • 2-o‘rin (2 nafar) – qimmatbaho sovg‘alar;
  • 3-o‘rin (2 nafar) – qimmatbaho sovg‘alar:
  • «Qadimiy sulola davomchisi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Yangi gul navi yaratgan gulchi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Eng yosh gulchi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Eng yaxshi gul kompozitsiyasi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Eng yaxshi gulchi maktabi gulchisi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Eng ko‘p gul yetishtirgan gulchi» – qimmatbaho sovg‘alar;
  • «Gul paradida eng yaxshi bezatilgan avtomashina» – qimmatbaho sovg‘alar.

Moliyaviy holatdan kelib chiqib, g‘oliblar soni va sovg‘alar miqdoriga o‘zgartirishlar kiritilishi ehtimoli ham nazarda tutilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «1 milliardlik xarajat, 3,5 milliardlik qarz va gullar…» – Namangandagi gullar festivali