Paxta. O‘zbekistonda yetishtirish uchun qulay bo‘lgan, shu bilan birga o‘zbekning... dardiga aylangan mahsulot. Aynan paxta sabab bir paytlar yer va suv ayovsiz, hisobsiz ishlatildi, yer, suv, odamlar zaharlandi, butun boshli bir dengiz... quriy boshladi. Mamlakat mustaqil bo‘lib, ishlar mantiq doirasiga qaytishi lozim edi, ammo unday bo‘lmaydi. Paxtani zo‘rma-zo‘raki yetishtirish davom etdi.
Hozirda mazkur sohani to‘g‘ri shaklga keltirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti: paxtani yetishtirish va terishda odamlarni majburlab mehnat qildirish kabi o‘ta sharmandali ishlarga barham berildi; paxta maydonlari mantiqqa mos holatga keltirilyapti, ya’ni kamaytirilyapti, paxtani shunchaki xomashyo sifatida sotishga barham berilyapti – uni tayyor mahsulotga aylantirish bo‘yicha sezilarli qadamlar tashlandi. Paxtaning fermerdan sotib olish narxi ko‘tarildi, bu esa hosildorlik oshishiga olib keldi – stimul oshdi.
Biroq, muammolar hamon ko‘p: soha bozor munosabatlariga o‘tgani yo‘q. Masalan, bevosita paxtani yetishtirayotgan fermer o‘z mahsulotini mustaqil tadbirkor sifatida birjada sotayotgani yo‘q, bu esa uni – fermerni tom ma’nodagi EGA bo‘lishdan to‘sib turibdi. Bu – mahsuldorlik oshishiga, yer to‘liq ma’noda egalik bo‘lishiga to‘siq bo‘lyapti. Fermerning ishiga aralashuvchilar – hokimlar va boshqalar hamon ko‘p.
Paxta yetishtiruvchi bilan paxtani sotib oladiganlar (qayta ishlaydiganlar) o‘rtasida vositachi bo‘lmasligi kerak. Fermerlarni qo‘rmasdan mustaqil sub’ektlarga aylantirish vaqti keldi. Biz shu haqda fermerlar bilan suhbatlashdik.
“O‘ylaymanki, kelajakda fermer o‘z hosilini mustaqil ravishda o‘zi birjada sotadi”
Hamid G‘oyibov, “National agro products” fermer xujaligi raxbari:
— Fermerning tafakkuri o‘zgarib ketdi. Endi u avvalgi fermer emas. Chunki prezidentimizning qarorlari bilan bozor munosabatlariga o‘tyapmiz. Fermer tashabbusni o‘z qo‘liga olyapti. Oldingidek, fermerni orqasidan yurish kerakmas – bunday narsalar yo‘q hozir. Bu yil iqtisod qilgan pulini kelgusi yil sarflashini o‘ylayapti. Fermer manfaatdor bo‘lsa, mol-qo‘yini sotib bo‘lsa ham hosiliga tikadi. Hamda yerdan to‘g‘ri foydalanadi. O‘ylaymanki, kelajakda fermer o‘z hosilini mustaqil ravishda o‘zi birjada sotadi.
Hozir paxtani fermerdan sotib olish narxi bahslarni keltirib chiqardi. Shaxsan o‘zim bu yil yetishtirgan paxtaning tannarxi 11,5–12 mingga boryapti. Sharoitlar har xil: qaysidir yerning ball boniteti yuqori, boshqasiki past va hokazo. O‘ylaymanki, bu masalada hammani qoniqtiradigan bir to‘xtamga kelinadi.
“Sudga bermoqchiligimni aytganimdan keyingina shartnomani qo‘limga berishdi”
Alisher Ahmedov, “To‘maris” fermer xo‘jaligi rahbari:
— Huquqshunos bo‘lganim uchunmi, fermerchilik sohasiga kirib kelganimda, fermerlarning huquqiy savodxonligi meni taajubga soldi. Ular fuqarolik qonunchiligida shatrnomaviy munosabatlarda sub’ektlar teng huquqli ekanini hatto tushunishmaydi. Toza blankalarga qo‘l ko‘yib kelishadi... Shartnomaning shartlari qanaqa, oladigan daromading xarajatlaringni qoplaydimi – bular bilan tanishish degan narsaning o‘zi yo‘q.
Mana, hozir paxta pishyapti, dekabrda imzolangan shartnomani qo‘lga olmaganlar bor... Shartnomada nima yozilganini bir tomon bilmasa, u qanda haqiqiy bo‘ladi?
Mana, ikki yildan beri fyuchers shartnomasi imzolanyapti, ammo fermer fyuchers shartnomaning asosiy sharti bo‘lmish oldindan to‘lov nimaligini bilmaydi. Men o‘zim sudlashish to‘g‘risida ochiq xat berganimdan keyin menga shartnomani qo‘limga berishdi...
“Fermerlarda erkinlik yo‘q”
Ne’mat Ishchanov, “Ishchanov Odilbek” fermer xo‘jaligi rahbari:
— Eng dolzarb muammo – fermerlarda erkinlik yo‘q. Oldin davlat xaridi degan narsa bo‘lgan. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunda erkinlik bo‘lmaydi: davlatning o‘zi moliyalashtirib, paxtaga narx belgilab, o‘zi sotib olardi. 2018 yildan boshlab, paxta to‘qimachilik klasterlari paydo bo‘ldi. Oldin fermerlarni davlat boshqargan bo‘lsa, endi klasterlar boshqarishi ko‘zda tutildi.
Shu yerda, menimcha, fermerlarga nisbatan ishonchsizlik bo‘lgan – go‘yo ular eplab ketmaydi. Haqiqiy klasterlar shakllanganda mayli edi – paxtani yetishtirib, tayyor mahsulotgacha yetkazadigan, uzluksiz zanjirga ega bo‘lsa, qarorlarda aytilgan klaster bo‘lardi. Ammo unday bo‘lmay keldi – paxtani fermer yetishtirdi, klasterlarimiz turli yo‘llar bilan narx belgilab, xuddi avval davlat qanday paxtani sotib olgan bo‘lsa, shunday sotib olib kelishdi.
Davlat bizdan paxtani sotib olganda, foyda ko‘rmasak-da, rozi edik. Chunki foyda – davlatga, xalqqa. Shunga yarasha davlat hosildorligi past hududlarga dotatsiya berardi, ijobiy farq degan narsa bor edi, hozir – yo‘q.
“Bozor munosabatlariga o‘tish kerak”
Komoliddin Ikromov, “Agrobiznes assotsiatsiyasi” rahbari:
— G‘allani misol qiladigan bo‘lsak, juda ildam qadam tashlandi – prezident iroda ko‘rsatib, garchi hukumat, nazarimda, bunga ma’nan tayyor bo‘lmasa ham, g‘alla narxini oshirish, birjaga chiqarish, xalq ehtiyoji uchun davlat zaxirasini yaratishga qaror qilindi. Bular – rivojlangan mamlakatda bor amaliyotlar. Hozir shu tezlik, shu inersiyani yo‘qotmasdan, davom etish kerak. Bozor munosabatlariga o‘tish kerak.
Masalan, AQSH tajribasi haqida aytadigan bo‘lsak, u yerda fermerlar o‘zlari paxtani yetishtirishadi, davlat ma’lum narxda mahsulotni sotib olishiga kafolat beradi. Ya’ni bozorda paxta narxi tushib ketsa, fermer paxtani bozorda sotolmay qolsa, davlat o‘sha – o‘zi belgilagan narxda paxtani fermerdan sotib oladi. Bu bilan fermerlarni inqirozga yuz tutishidan saqlab turadi. Mahsulotni tabiiy ofatlardan sug‘urtalash ham davlatning egnida.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi