
Savdo zonasi afg‘on biznes egalariga vizasiz aloqa o‘rnatish va savdo qilish imkonini beradi. Afg‘oniston mahsulotlari ham o‘zbekistonlik savdogarlarga taqdim etiladi.
«Ariana News» nashrining rasmiylarga tayanib xabar berishicha, savdo zonasi Afg‘onistonning Balx va O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi chegaradosh hududida ikki oy ichida tashkil etish rejalashtirilgan. 120 gektar yer o‘zlashtiriladi va uning qiymati 75 million dollarni tashkil qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va afg‘on ishbilarmonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yili qo‘shma savdo hududini tashkil etish rejasi imzolangan.
Ta’kidlanishicha, Balx viloyatidagi bir qator ishbilarmonlar ushbu zonaning tashkil etilishini mamlakat iqtisodiyoti uchun umid oynasi deb biladi.
«Ushbu bozorning tashkil etilishi har ikki davlat uchun ham foydali, u ishbilarmonlar biznesini rivojlantirishda davom etadi. Bu hududning tashkil etilishi bilan ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi», — degan afg‘onistonlik investor Mivand Ziyoiy.
«Qo‘shma savdo hududi tashkil etilayotganidan juda xursandman va bu qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlardan dalolat beradi. Biz bu aloqalarni rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz. Chunki bu zonaning yaratilishi ikki davlat milliy biznesi uchun foydali», — deydi yana bir investor Afzal Davlatzoiy.
«Iqtisodiy jihatdan u savdo sohasida muhim va asosiy o‘rin tutadi. O‘zimizdagi mahsulotlarni shu bozorda sotishimiz mumkin. Iqtisodiy faoliyat qayerda bo‘lmasin, uning foydasi har ikki davlatga ham, odamlarga ham, iqtisodiyotga ham yetib borishi tabiiy», — ta’kidlagan Balx viloyatida yashovchi Sulton Muhammad Toxiy.
Balxdagi mahalliy rasmiylar ham qo‘shma savdo hududining tashkil etilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirishga olib kelishini aytmoqda.
«Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasi o‘rtasida qo‘shma savdo hududi tashkil etiladi va bu qo‘shma hudud madaniyat, ijtimoiy aloqa va iqtisodiy sohaga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi», — degan Balx axborot va madaniyat bo‘limi rahbari Zabihulloh Nuroniy.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar