O‘zDJTU liseyi direktori o‘rinbosari 1500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti qoshidagi akademik lisey direktori o‘rinbosari bir o‘quvchini qabul qilish uchun ana shuncha pora talab qilgan.
Qonun va qonunosti hujjatlari bizni har lahza yaxshilikka etaklovchi yuriqnomadir. Mana shu oddiy haqiqatni Jahon tillari universiteti qoshidagi akademik lisey direktorining o‘rinbosari Elmurod Bakirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) teran anglamagan zkan. U buni tushunganda edi, oddiy dargohda ishlab turib, jinoyatga qo‘l urmasdi. “Huquq” gazetasining 13-sonida bu haqda batafsil keltirilgan.
O‘tgan yilning avgust oyi boshlarida akademik lisey direktori o‘quv dargohi xo-dimlarini to‘plab, yig‘ilish o‘tkazadi. Unda o‘quvchilarni liseyga qabul qilish jarayoni tugaganligini e’lon qiladi va bu haqdagi buyruqni barchaga o‘qib eshittiradi. E.Bakirov mazkur yig‘ilishda majlislar zalining oldi qatorlarida o‘tirgan edi.
Xullas, oradan bir necha kun o‘tib, fuqaro X.Xayitov jiyanini mazkur liseyga o‘qishga ki-ritish uchun E.Bakirovga uchrashadi, o‘zaro suhbat jarayonida direktor o‘rinbosari o‘qishga qabul qilish tugallanganligini aytib, X.Xayitovga qonuniy maslahat berish o‘rniga, firibgarlik yo‘li bilan uni aldaydi.
— Endi do‘stim, gap bunday, — uzoqdan gap boshladi E.Bakirov, — Liseyimizda o‘qish uchun talabgor ko‘p, qolaversa, bo‘sh o‘rinlar deyarli qolmagan. "Xizmat"imizga ko‘nsangiz, ilojini qilamiz.
Ishorani darhol tushungan X.Xayitov biroz o‘ylanib turib;
— Aka qancha bo‘ladi, jiyanim shu erda o‘qisa, bo‘ldi, — dedi.
E.Bakirov ko‘rsatkich barmog‘ini burniga sekin qo‘ydi.
— Sekinroqde, past ovozda gapirsangiz ham eshitaman.
Direktor o‘rinbosari stoli ustida turgan sariq yopishqoq qog‘ozlardan birini ajratib oldi-da, unga "1500, ko‘kida", deb yozib, uning oldiga asta surib qo‘ydi.
— Tushundim, shu bilan ish bitadimi? — deya X.Xayitov direktor o‘rinbosariga nazar tashlagan edi, u boshini asta qimirlatdi.
X.Xayitov va’da berishga berdi-yu, o‘ylanib qoldi. Xonadan chiqib, o‘quv dargohini tark etguniga qadar turli xayollar girdobida qoldi. Shu vaqtda u o‘z harakatlari bilan qonunlarimizni buzayotganligini tushundi. Shundan so‘ng u direktor o‘rinbosarining no-qonuniy xatti-harakatlari xususida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
SVOJJDLQK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda E.Bakirov xizmat xonasida X.Xayitovdan 1500 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi E.Bakirovga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.
SUD IJRO BO‘LIMIDA FOSh BO‘LGAN PORAXO‘RLIK
Yoxud jamoatchi xodimga summani kamaytirish uchun qistirilgan “xarajat”
Poraxo‘rlik, tamagirlik va korrupsiya kabi illatlar tuzog‘iga osongina ilinib, uning oqibatiga g‘arq bo‘layotganlar hali hamon oramizda uchrab turibdi. Buni “Huquq” gazetasining 13-sonida chop etilgan bir poraxo‘rlik jinoyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Fuqaro Zarina Maxamatovaga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nisbatan yuritilgan ijro hujjati bo‘yicha sud ijrochilarining Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan 2 mln. 403 ming 968 so‘m miqdoridagi davlat boji undiriladigan bo‘ldi. Ushbu pulni to‘lamaslik maqsadida uning qizi Sabina Maxamatova sud ijrochilari Chirchiq shahar bo‘limida jamoatchi xodim sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan A.Sodiqovga uchrashadi va undan bu summani kamaytirib berishni so‘raydi. A.Sodiqov esa bu ishni amalga oshirishning o‘ziga yarasha "xarajat"i borligini qistirib o‘tadi. Ya’ni u 800 ming so‘m bersa, bu ish kech qanday xarajatsiz bitishini aytadi. Biroq A.Sodiqov maqsadiga erisha olmadi. Qonunbuzarning qilmishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi va unga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi, deb xabar beradi "Darakchi" nashri. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing