22:37 / 10.09.2022
1 356

O‘zJOKU talabasi rektorga salom bermagani uchun jazolangani rad etildi

O‘zJOKU talabasi rektorga salom bermagani uchun jazolangani rad etildi
Kaltaklangan talaba O‘zJOKU rektori Sherzod Qudratxo‘jaga salom bermagani sababli samosud qilingani haqidagi xabarlar rad etilgan bo‘lsa-da, talabani jazolagan universitet mas’ullaridan biri ishdan bo‘shatilgan.

Ijtimoiy tarmoq va Telegram-kanallarda 9 sentabr kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida rektorga salom bermagani uchun talabani kaltaklashgani haqida xabar tarqaldi. Ma’lum qilinishicha, talabaga zo‘rlik ishlatganlar orasida Umid Faxriddinovich ismli prorektor ham bo‘lgan.

Bu xabar talabalar orasida va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bo‘lganidan so‘ng, talabalar mazkur oliy ta’lim muassasasining Telegram'dagi «Talaba murojaati» nomli guruhida ma’muriyatga norozilik ruhida turli xil gaplarni yozishgan, xodimlar esa bu yozishmalarni o‘chirib tashlashgan, shuningdek, jabrlanuvchining akkauntini bloklab, guruhga qo‘shilishini cheklab qo‘yishgan.

Bundan tashqari, xodimlardan biri talabalarga qarata guruhda haqoratomuz gaplarni yozishgani va rahbariyatdan norozi bo‘lganliklari uchun talabalar safidan chetlatilishlarini aytgan, biroq bu xabar ham ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlangan.

Alaloqibat guruhda barcha talabalarning yozishi taqiqlab qo‘yilgan.

Jurnalistlar guruhi va ijtimoiy tarmoqda bildirilgan talabaning rektor Sherzodxon Qudratxo‘jaga salom bermagani sababli kaltaklangani ishonarsiz ekani, buni isbotlovchi fakt yo‘q, deya rad etildi. Biroq talaba qandaydir sabab bilan kaltaklangani bo‘lgan voqea. Bundan universitet rasmiy bayonotidagi xodimlarga nisbatan qo‘llanilgan choralar ham dalolat berib turibdi.

Voqea yuzasidan universitet Odob-axloq komissiyasining bayonoti oliygoh rasmiy Telegram-kanalida ilib qo‘yildi.

Unda ma’lum qilinishicha, 10 sentabr kuni O‘zJOKU Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda 9 sentabr kuni universitet talabasi J.Mahmudov hamda universitet xodimlari U.Rustamov, X.Mirzayev, F.Ochilov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik holati ko‘rib chiqilgan.

«O‘rganishga ko‘ra, universitet xodimi X.Mirzayev talaba bilan o‘zaro qo‘pol muomala sababli shaxsiy tortishuvga borgani ma’lum bo‘ldi. Vaziyat universitet profilaktika noziri H.Sodiqov tomonidan o‘rganib chiqilgan va shu kunning o‘zida tomonlar yarashuvi qarori qabul qilinib, masalaga yechim berilgani aniqlandi», – deyiladi xabarda.

Ammo yarashuv qarori qabul qilinganiga qaramasdan, universitet ichki mehnat tartibi qoidalari buzilgani yuzasidan chora ko‘rilishi lozim deb topilgan.

«Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi, ya’ni o‘z vakolati doirasidan tashqariga chiqqanligi sababli X.Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», – deyiladi xabarda.

Boshqa xodimlar – U.Rustamov va F.Ochilovga nisbatan hayfsan intizomiy chorasini qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan. Shuningdek, universitet rahbariyatiga o‘z vaqtida xabar bermagani sababli profilaktika noziri kapitan H.Sodiqovga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi uchun tuman ichki ishlar organiga tavsiya yuborilgan.

«Universitet ma’muriyati ustoz-shogird an’analari, talabalar huquqini himoya qilish va jamoada o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarga qat’iy rioya qiladi», – deyiladi O‘zJOKU bayonotida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat