12:00 / 28.09.2022
1 702

«Zaldan chiqib keting, guvohnomangizni topshiring» — Sardor Umurzakov hokimlarga

«Zaldan chiqib keting, guvohnomangizni topshiring» — Sardor Umurzakov hokimlarga
Kecha Prezident administratsiyasi rahbari raisligida tanqidiy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ayrim hokimlar va tashkilot rahbarlari ishdan olindi. Yana ayrimlariga boshqa intizomiy jazolar berildi.

Oyog‘i yerdan uzilgan va maishatboz hokimlar

«O‘rganishlar natijasi va bizga turli manbalardan yetib kelgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim vazirlar va hokimlarning oyog‘i yerdan uzilib qolgan.

Ba’zi viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlik yoki idoralarning mas’ul rahbarlari o‘zlarini go‘yo xonlardek tutib, to‘rachilik kayfiyatiga berilib ketganlar.

Bunday xunuk holatlarni faqat biz emas, butun xalqimiz, keng jamoatchilik ko‘rib-bilib turibdi. Jamiyat uyg‘ongan, jamoatchilik nazorati kuchaygan bugungi zamonda hech bir mutasaddining yurish-turishi nazardan chetda qolmaydi.

Hurmatli Prezidentimiz yuksak ishonch bildirib aytgan “Hokimlar mening vakilim” degan so‘zlarini suiiste’mol qilib, bunday sharafli mas’uliyatni unutgan hokimlarni, xalqni aldash, maishatbozlik qilish, islohotlarga bepisand qarash bilan kun o‘tkazayotgan mas’ul shaxslarni kim deb atash mumkin?
», — dedi Sardor Umurzakov.

To‘ra Bobolov jarimaga tortildi

Yig‘ilishda Sardor Umurzakov Surxondaryo viloyati hokimini ham «nasibasiz» qo‘ymadi. Bobolovga majlis qatnashchilarini haqorat qilgani sabab jazo tayinlandi.

Qayd etilishicha, Bobolov o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun mazkur qaror qabul qilingan:

«To‘ra Bobolov, siz o‘rnak bo‘lmayapsiz. Internetda chiqqan gaplarni montaj dedingiz. Lekin ekspertiza sizning ovozingizni tasdiqladi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan sizga intizomiy jazo chorasi sifatida oylik ish haqining 40 foizi miqdorida jarima qo‘llandi.

Tegishli mutassaddilar Surxondaryo viloyatini kompleks o‘rgansin, muammolarga yechimi bilan taklif tayyorlasin, kerak bo‘lsa aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan jinoiy ish ochishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilsin
», — dedi Administratsiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, To‘ra Bobolov prokuratura xodimi haqorat qilgani to‘g‘risida audio tarqalgandi. Shuningdek, prezident ham Bobolovni bu ishi uchun tanqid qilgandi.

Kimlar «uchirma» qilindi?

— Asaka tumani hokimi M.Alixonov (yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani uchun);

— Farg‘ona tumani hokimi Sh.Muminov (yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani uchun);

— Paxtaobod tumani hokimi E.Usmonov (rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun);

— Nurobod tumani hokimi Sh.Yuldashev (rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun);

— Andijon tumani hokimi A.Egamberdiyev (o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun);

— “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori B.Atamuradov (xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun).

O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan hokimlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Yig‘ilishda Prezident administratsiyasi rahbari paxta terimidagi qonunbuzilishlarni ham tanqid ostiga olgan.

«Viloyatlar rahbarlarini paxta terimida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilish to‘g‘risida alohida ogohlantirgan edik. Shunga qaramay paxta terimi bo‘yicha har kuni ijtimoiy tarmoqlarda yangi-yangi xabarlar tarqalmoqda. Endi tadbirkorlardan, budjet tashkilotlarining oddiy xodimlaridan hasharchilarni jalb qilish uchun pul yig‘ish avjiga chiqyapti ekan.

Bu holatlardan bitta xulosa qilish mumkin. Mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan har qanday rahbarni hurmatli Prezidentimiz siyosatlariga xiyonatkor deb baholash mumkin.

Bosh prokuratura bunday holatlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni hech ikkilanmay zudlik bilan jinoiy javobgarlikka tortishi kerak. Hududiy prokurorlar bilan birgalikda bizga qonun ustuvorligini ta’minlab berishlaringiz kerak
», — dedi Sardor Umurzakov.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat