2 627
Paxtaobod tumani hokimi Elyor Usmonov ishdan haydaldi: «Binodan sharmanda qilib chiqarib yuborilsin»

Andijon viloyatining Paxtaobod tumani hokimi Elyor Usmonov noqonuniy va lavozimiga mos kelmaydigan xatti-harakatlari sababli ishdan bo‘shatildi. Bu haqda 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yig‘ilish audiosida Sardor Umurzoqov Elyor Usmonov haqida tanqidiy fikrlar bildirgan va prezident topshirig‘i bilan uning lavozimidan ozod etilishini ta’kidlagan.
«Paxtaobod tumani hokimi Usmonov janoblari. Sizning topshirig‘ingiz bilan 'Har bir oila — tadbirkor’ dasturi doirasida 'Barlos asali’ fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun 4 milliard 800 million so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan. Hozir qo‘ylar fuqarolarga haqiqatan yetkazib berilgani va boshqa holatlar o‘rganilmoqda. Alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga. Boshqa holatlar ham bor. Ular dalil-isboti bilan, rasmi, audiosi bilan mening stolimda turibdi hozir. Bugun hurmatli prezidentimiz topshirig‘i bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz. Zaldan chiqib keting», — degan administratsiya rahbari.
Sardor Umurzoqov Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga ishdan bo‘shatilgan tuman hokimlarining masalasini tezroq hal qilishni aytib: «bularning hozir binodan chiqib ketishida guvohnomasini olib qo‘yishsin. Sharmanda qilib chiqarib yuborilsin, ikkinchi yaqinlashtirilmasin», — deya qat’iy topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, Elyor Usmonov joriy yilning 18 fevral kuni Paxtaobod tumani hokimi etib tayinlangandi. U bunga qadar Markaziy bankning Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar