
Rosulullohdan sollallohu alayhi va sallam buyuk sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘radilar: "Ey Rasululloh, siz uchun eng sevimli inson kim?" Rasululloh hech ikkilanmay, taraddudlanmay javob qildilar: "Oysha".
Amr ibn Os Rasululloh uchun eng sevimli inson men bo‘lsam kerak, deb o‘ylardi. Sababi, u zot sollallohu alayhi va sallam har bir odamga shunday go‘zal muomala qilardilarki, har odam u zot uchun eng sevimli menman deb o‘ylar edilar. Amr Ibn Os umidini yo‘qotmagandi. Savolida davom etdi: "Erkaklardan-chi?". Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana taraddudsiz javob qaytardilar: "Oyshaning otasi!".
Rasulullohning mana shunday kuchli muhabbatiga erisha olgan Oysha roziyallohu anho aytadilar:
"Kunlarning birida Rasulullohning juda xursand paytlarini topib, u zotga aytdim: “Ey Rasululloh, meni duo qiling!.” Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga eng sevimli bo‘lgan zot – Oysha onamizni duo qildilar: “Ey Alloh, Oyshaning o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” Oysha onamiz bu duodan shunchali quvondilarki, xursandchilikdan nurli yuzlari kulgiga to‘ldi. Qanday quvonmasinlar, axir duosi qaytarilmaydigan zot ularni bunday duo qilyaptilarku!
“Duoim seni bunchalar quvontirdimi? - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Ha, dedilar Oysha onamiz. Shunda Rasululloh javob qildilar: Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!”
Mana shuning uchun biz Rasulullohni yaxshi ko‘ramiz!
O‘zlari uchun, eng sevimli ayollariga qilgan duolarini biz uchun har namozda qiladigan, bizni – ummatlarini ona farzandlarini yaxshi ko‘rgandan ko‘proq yaxshi ko‘rgan zotga qanday qilib muhabbatimiz bo‘lmasin?!
Mahmud Usmon
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar