
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimining maktab o‘quvchilari bilan uchrashuviga tayyorganlik oldidan maktablarga telegram guruhida berilgan topshiriqning ayrim joylari e’lon qilindi. Ularda aytilishicha, bir qancha savollar yozilib, maktab o‘quvchilari shu savollarga javob berayotganda ko‘zlari yonib turishi kerak ekan. Viloyati hokimi andijonlik bolalarning otasi bo‘lib,undan qo‘rqishi emas, savollariga keng qamrovli javob berish lozimmish...
Bu holat turli xil munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibining telegram sahifasida ham munosabat e’lon qilingan. “Ta’limda bunday insonlarning ishlayotganligi juda ham achinarli!” deyilgan munosabatda.
“Maktab o‘quvchini shaxs sifatida o‘zini anglashiga yordam beradigan, o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyat hissini, insoniy qadr-qimmatini ro‘yobga chiqarish qobiliyati va istagini rivojlantirishga yordam beradigan maskandir. O‘quvchilarga mana bu yozuvdagi kabi narsalarni uqtirish, singdirish yo‘li bilan ularni O‘zbekiston kelajagini quradigan yoshlar qilib tarbiyalay olmasligimiz aniq.
Aslida bola o‘zidagi mavjud muammolarni ayta olishi kerak, qayerdan bilasiz balki u oilasida zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgandir yoki uni qiynayotgan boshqa muammolar bordir. Rahbarlarga o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun amalga oshirilayotgan bunday harakatlar bilan esa bugun o‘z qo‘limiz bilan kelajagimizni barbod qilamiz! Bugun boladan mana bunday narsani talab qilayotganlar ertaga yaxshilik kutmasin!
O‘qituvchilik oddiy kasb emas, bu kasb, yurak chaqiruvidir — o‘qituvchilardan bunday narsalarni talab qilmang, hurmatli ustozlar iltimos bunday talablarga quloq tutib, kelajak taqdiri sizga bog‘liq bo‘lgan navnihollarni sindirmang!
Hokim Andijon farzandlarining otasi ekan, farzand otasiga o‘zini qiynayotgan har qanday masalani aytishga haqqi bor, otasi eshitmagan bolani ko‘chada begonalar eshitadi, bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Hokim ham aynan shu uchun yoshlar bilan uchrashgani kelayotgani aniq, bu yo‘l bilan o‘zingizni yaxshi ko‘rsatmang!” deb yakunlanadi munosabat.
G‘alati, judayam g‘alati. O‘quvchilarga ko‘zi yonib turishi va o‘qishga kirish istagi bo‘lmasa ham o‘qishga kiraman, deb ayt, deb singdirish bolalarni yolg‘onchilikka tayyorlash emasmi? Shumi pedagogika? Bolalarning ko‘zi yonib turishini ko‘rmoqchi bo‘lgan hokim ularga sharoit qilsin, quvonchdan shundog‘am ko‘zlari yonadi. Qachongacha rahbarlarga “Olam guliston”ligini ko‘rsatib, olqish olamiz? Shuning uchun soxta ishlar ko‘payib ketmayaptimi?
Yaxshisi, bolalarni chalg‘itib, o‘qituvchilarni ishdan qo‘yib, bormasin hokimlar maktabga. O‘qituvchilar bunaqa buyruqlar olmasa o‘z ishlarini yaxshi bajarishadi. O‘quvchilar ham majburan “ko‘zlari yonmay” dars qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar