09:53 / 09.11.2022
1 647

Zakot bermagan hojining narkoman o‘g‘li yoxud u nima sabab bo‘lib hidoyat yo‘liga kirdi?

Zakot bermagan hojining narkoman o‘g‘li yoxud u nima sabab bo‘lib hidoyat yo‘liga kirdi?
Kuni kecha akam bilan suhbatlashib qoldik. Gap orasida aytib bergan bir voqealari meni juda mutaassir qildi. Uyqum qochdi... G‘oyat hayotiy va ibratli voqea bo‘lgani uchun Sizlarga ham ilindim.

“Bir qadrdonimiz bor. O‘zi taniqli shifokor, ayoli ham oliy ma’lumotli. Tadbirkorlik orqali uncha-muncha boylik ham orttirdi. Uch nafar qizini yaxshi joylarga uzatgan, uch nafar o‘g‘liga ham tagli-tugli oilalarning odobli qizlarini kelin qilgan. Qisqasi, oilasiga hamma havas qiladi.

Bir kuni shu hoji akam qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Kutilmaganda farzandi orqali sinovga tutilibdi. Obro‘li bir tashkilotda ishlaydigan o‘g‘li narkomanlarning sirtmog‘iga tushibdi. Tog‘dagi dala hovlisini va bir ofisini arzon-garovga sotib yuboribdi. Toshkentdan vodiyga – qadrdonimning yoniga uchib bordik. Qiyin kunida yonida bo‘lgim, bu ham Allohning sinovi ekanini eslatib, unga dalda bergim keldi. Yo‘lma-yo‘l akamizning hayot yo‘lini tahlil qilib ketdim. O‘zi namozxon, boyliginiyam halol yo‘l bilan topgan. Haromdan hazar qiladi. Lekin...

Meni chiroyli choyxonada kutib oldi. Ovqatlanib bo‘lgach, dardini dasturxon qildi. Ularni aytib o‘tirishga hojat yo‘q. Faqat judayam obro‘-e’tiborga ega qudasining oldida boshi xam bo‘lganini va ayniqsa mana shu holat qattiq iztirobga solganini ta’kidlashim kifoya, menimcha...

“Hoji aka! Bilishimcha, o‘g‘lingizni “melisa” ham, duxtir ham, nasihat ham bu balodan qaytara olmaydi. Ammo bitta yo‘li bor, qilaman desangiz, aytaman. “Albatta qilaman, ukajon, tezda ayting!” dedilar. Mol-dunyongizni hisoblab, domladan qancha zakot berishingiz kerakligini hisoblatib oling. Keyin mahalla-ko‘ydan nochor yashaydigan oilalarga zakotingizni bo‘lib berasiz” dedim. Bo‘ldi, albatta shunday qilaman dedilar. Yana bitta ish bor, dedim u kishini hayron qoldirib, Sodirxonni duo qilasiz, boshqa tanbeh bermay turasiz. Rozi bo‘ldi.

Olti-yetti oylardan so‘ng yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. “Ukajon, Toshkentga keluvdim, uydamisiz?” – hoji aka dovon oshib, atayin mening yonimga kelibdi. Ko‘rishdik. Gapirolmay yig‘layapti, men xavotir aralash oxirini kutyapman. O‘ziga kelib aytishicha, o‘g‘li butunlay “qutilibdi”. Besh vaqt namozni kanda qilmay o‘qiyapti ekan. Hatto viloyat hokimligiga ishga ham kiribdi.

Subhanalloh... Yaratganning san’atiga, chevarligiga yana bir karra lol qoldim.

Ukajon! Endi aytsangiz bo‘lar, buning siri nimada?

Hoji aka, qachondan beri pul topasiz, biror marta zakot berganmisiz?

...U kishi javob berolmay jim qoldi.

Topgan boyligingizda kambag‘allarning haqi bo‘ladi. U haq o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi. Agar o‘z ixtiyoringiz bilan bermasangiz, boshqa yo‘l bilan chiqib ketadi baribir, ammo bu juda og‘riqli bo‘ladi. Zakot kambag‘allarning boyda turgan omonati, uni tezroq berib, yelkadagi og‘ir yukdan qutilish kerak!”, dedim.

To‘g‘risini aytsam, birinchi marta nochor oilalarga mahsulot olib borganimda qandaydir ichimdan yig‘i kelaverdi. Tushunmayman-u, lekin ichimdan o‘tgan o‘sha tuyg‘uni umrim davomida birinchi marta his qilib turgandim. “Berish” rohat degandingiz. Chindan ham shunaqa ekan...

Bu orada sobiq narkoman uch marta qo‘ng‘iroq qilib, dadasidan hol-ahvol so‘radi, kamchilik yo‘qmi, deb xabar oldi. O‘zim ham rohat qildim.

Bu hayotiy voqea. Mana shu kunlarda bo‘lib o‘tdi. O‘shanchun boy bo‘laman degan odam ehson qilishi kerak. Zakot-u sadaqalarini ortig‘i bilan berib yursa, topgan-tutganida baraka bo‘ladi, yaxshiliklarga buyuradi. Chunki Alloh ehsonning mukofoti ehsondir degan...”

Davrada o‘tirgan do‘stlarimiz ham bu hikoyadan qattiq ta’sirlandi. Ibratli bo‘lgani uchun Sizlarga ham ilindim. Zero, Rudakiy hazratlari aytganlaridek:
Kimki bu hayotdan olmasa ta’lim,
Unga dars berolmas hech bir muallim.


Abdulaziz Muborak

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat