3 361
Zoir Mirzayev fuqarolar uchun navbatdagi qabulida ayrim murojaatchilarga tanbeh berdi (video)

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev fuqarolar uchun tashkil etilgan navbatdagi qabulida qabuliga takror-takror kelayotgan, shuningdek, baland ovozda gapirib, qabulga xalal beruvchilarga murojaat qilib, «hokimlarni yomon ko‘ruvchilarning farzandi hokim bo‘lsin», dedi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, Zoir Mirzayevning fuqarolar uchun navbatdagi sayyor qabuli bugun Yangiyo‘l shahrida bo‘lib o‘tgan.
Qabul avvalida fuqarolarga murojaat qilgan Zoir Mirzayev «O‘zimizning vaqtimizni o‘zimiz olmaylik, bu yerga kelganda baqir-chaqir qilib, boshqalarning asabini buzmaylik, bizga yarashmaydi bu», — dedi.
Toshkent viloyati hokimi uning qabuliga kirib, ovozini balandlatib, baqirib, o‘zining haqligini isbotlashga urinayotganlar agar qonun jihatidan haq bo‘lmasa, bu harakati ham unga yordam bermasligini ta’kidlagan.
- Men qo‘limdan keladigan ishni qilaman, deyman. Qo‘limdan kelmasa, shu zahoti rad qilaman. Shu sabab bir masala yuzasidan mening yonimga ellik marotaba kelish shartmas. Bir muammoni qaytaryapsiz, biz yo‘q deb rad qilyapmiz, yana shu muammoni aytib, barchaning vaqtini olmang. Hamma narsaning ham qonuniy yechimi bor. Hech kim o‘zini artistlikka solmasin, — deydi Zoir Mirzayev.
Shuningdek, Zoir Mirzayev hokimlar yomon, ular hech qanday ish qilmayapti, deguvchilar ham borligini eslatib, ularning farzandlari hokim bo‘lishini tilagan.
- Hokimlarni yomon deyishadi. To‘g‘ri, balki yomondirmiz. Shuning uchun ham ertalabdan kechgacha yelib-yuguryapmiz. Qo‘limizdan kelgancha harakatdamiz. Hokimlar yomon deguvchilarning farzandlari ham hokim bo‘lsin, ertaga ishdan toliqib, ikki kishiga yordam berolmay, uyga kelganda uning yuziga qarab, hokimlar ishi qanchalik mashaqqatli ekanini his qiling, — deydi Toshkent viloyati hokimi.
Zoir Mirzayev, shuningdek, har safargi qabulida sog‘lom insonlar ham davlatdan pul so‘rab kelishini aytib, «Soppa-sog‘, ishlayman desa, kuchi bor insonlarni yotqizib, bir umr boqadigan davlat hech qayerda yo‘q», degan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar