
Islomga birinchi bo‘lib Xadiyja onamiz kirdilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari bo‘lish bilan birga, Alloh taologa va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga birinchi iymon keltirish sharafiga ham muyassar bo‘ldilar. Shu bilan birga, iymon yo‘lida ulkan xizmatlar ham qildilar.
Yoshlardan birinchi bo‘lib Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi o‘sha paytda o‘n yoshda edilar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning otalari Abu Tolib qiynalib qolgani uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni o‘z qaramog‘lariga olgan edilar.
Keyin Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qullari edi. Ammo u zot uni ozod qilib, o‘g‘il tutgan edilar.
Katta kishilardan birinchi bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Quraysh qabilasida katta obro‘ga ega edilar. O‘tkir aqllari, muruvvatlari, adolatlari va boshqa oliy sifatlari uchun ko‘pchilik hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rar va hurmat qilar edi.
Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlari iymonga kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima ish qilish kerakligini so‘radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam «Odamlarni Islomga da’vat qil», dedilar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning dastlabki da’vati samarasi o‘laroq, o‘sha paytda Qurayshning ashroflaridan bo‘lgan, keyinchalik sahobalarning ulug‘lariga aylangan va jannatga kirishlariga bashorat berilgan o‘n kishining beshtalari – Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhum iymonga keldilar.
Yashirin ravishda olib borilayotgan da’vat ta’sirida asta-sekin boshqalar ham Islomga kira boshladilar.
Dastlabki musulmonlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh, Arqam ibn Abu Arqam, Usmon ibn Maz’un, Ubayda ibn Horis, Sa’iyd ibn Zayd, Xabbob ibn Artt, Abdulloh ibn Mas’ud, Ammor ibn Yasir, Suhayb Rumiy kabi erkaklar va bir necha ayollar bor edi.
Dastlabki musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan yashirin ravishda uchrashar edilar. Ulardan biror kishi ibodat qilmoqchi bo‘lsa ham, hech kim ko‘rmaydigan pana joyga berkinib olib, ibodat qilar edi.
Musulmonlarning soni sekinlik bilan ko‘payib bordi. Ularning adadi o‘ttiztacha erkak va ayoldan iborat bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arqam ibn Abu Arqam roziyallohu anhuning uylarida yig‘ilishlar o‘tkazishga amr qildilar. U zot musulmonlar bilan o‘sha yerda sirli ravishda uchrashar, kerakli ta’lim-tarbiyalar berar edilar. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, musulmonlarning soni qirqtachaga yetdi.
Birinchi musulmonlar ichida turli toifadagi erkak va ayollar bor edi. Ko‘pchiligi asosan, yoshlardan iborat bo‘lgan bu musulmonlar ichida obro‘li boylar ham, kambag‘allar ham, arablar ham, arab bo‘lmaganlar ham, aslzoda qurayshliklar ham, birovning quli bo‘lganlar ham, osiyoliklar ham, ovrupoliklar ham, afriqoliklar ham bor edi. Bundan Islom barchaning dini, tenglik dini, birodarlik dini, adolat dini, insonparvar din ekanligi ko‘rinib turardi.
Muhaqqiq ulamolarimiz o‘sha paytlarda musulmonlarga ikki mahal, ikki rak’atdan namoz o‘qish farz bo‘lganini ta’kidlaydilar. Bunga ular «Fofir» surasidagi «Ertayu kech Robbingga hamd ila tasbih ayt» oyatini dalil qiladilar.
Shuningdek, Oisha onamiz roziyallohu anhodan qilingan «Avvalda namoz ikki rak’at-ikki rak’at farz qilingan edi. Keyinchalik safarda shu bo‘yicha qoldirilib, hozir bo‘lganda yana ikki rak’at ziyoda qilindi», degan ma’nodagi rivoyat ham bor.
Har bir musulmon quyosh chiqishidan oldin ikki rak’at, quyosh botishidan oldin ikki rak’at farz namoz o‘qir edi. Nafl namozni esa xohlagan vaqtida xohlaganicha o‘qiyverardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomga odamlarni uch yil davomida yashirincha da’vat qildilar. Musulmonlar bu muddat ichida o‘z iymonlarini kofirlardan berkitish uchun barcha choralarni ko‘rar edilar. Uch yildan so‘ng, yangi musulmonlarning iymoni sayqal topib bo‘lganidan keyin Islomga oshkora da’vat qilish fursati yetdi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Hadis va hayot kitobidan)
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar