14:45 / 12.11.2022
1 553

Ozodbek Nazarbekovning ayol jurnalistga aytgan gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Ozodbek Nazarbekovning ayol jurnalistga aytgan gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozobdek Nazarbekovning jurnalist ayolga «uyga kelsangiz, qulog‘ingizga aytaman», degan gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jurnalist vazirdan san’atkor sifatida Ukrainadagi vaziyatga pozitsiyasi haqida so‘ragan, u esa «davlatim, siyosatim qaysi pozitsiyada bo‘lsa, men ham vazir sifatida aynan o‘sha pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayman. Mening shaxsiy fikrimni so‘raydigan bo‘lsangiz, uyga kelsangiz, qulog‘ingizga aytib beraman», – deya javob qaytargan.

Bloger Zafarbek Solijonov Telegramdagi kanalida Ozodbek Nazarbekovning javobiga nisbatan fikr bildirdi.

- Madaniyat vazirining ahvoliga qarang. Yaxshi ham jurnalist etika bilan «mumkin bo‘lsa», deb so‘radi. Hofizligida o‘yinchi qizlariga shunaqa so‘zlar ishlatib yurgan bo‘lsa kerak. Balki, o‘sha davrni qo‘msab, joyiga qaytishni xohlayotgandir. Uning yaqin qarindoshlaridan biriga qaysidir erkak mansabdor shunaqa «uyga o‘ting, aytaman, qulog‘ingizga» deb gapirsa, ushbu munosabatni oddiy qabul qilsa, marhamat, davom etaversin. Lekin ishoning, shu javobdan boshqa minglab usulda chiroyli javob qaytarish mumkin edi.

Yana bir gap. Muomalangiz yoqmagani uchun buni ham gapirib olaylik. Nazarbekov, sizga ham keyinchalik «Karimov davrida falon lavozimdagi shaxs oldin uning sartaroshi edi, oshpazi edi», degan gaplardek, sizni shu lavozimga qo‘ygan «falonchining marosimlarida ashula aytib yurardi, unga yoqardi, shunga vazir bo‘lgan», degan «yorliq» yopishtiriladi. Mutaxassislikdan boshlab yillar davomida ter to‘kib, vazirlik darajasiga erishgan mehnatkash vazir sifatida emas. Achchiq gaplar-a? Lekin nailoj, haqiqat.


«Amerika ovozi» jurnalisti Navbahor Imomova Facebookdagi sahifasida Nazarbekovning tashqi siyosatdagi roli haqida fikr bildirgan.

- Madaniyat vaziri va yana Ozod Nazarbekovdek shaxs, xizmat qilayotgan prezidentining Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosatidan boshqa pozitsiyani ma’qul deb aytarmidi? Tizimdagi odam, buning ustiga vazir, amaldagi siyosatga qarshi gapirsa, kallasi ketishi mumkin va bu faqat O‘zbekistonda emas. Aslida savolga boshida javob beribdi, keyin valdirabdi.

Parlament a’zosi bo‘lsa, fikri muhim, chunki qonunchilar, xalq vakillari, ma’muriyatning strategiyasini savolga tutishi kerak. Vazirlar, ijroiya organidagilar, shaxsiy fikrini aytmasligi kerak. Chunki ularning vazifasi belgilangan siyosatni amalga oshirish. Ular shaxsiy fikri va tahlilini yopiq yig‘ilishlarda yoki prezident so‘rasa, aytadi. Tashqi siyosatda bu vazirning roli minimal, balki nol.


Shoir va publitsist Alisher Nazarning Facebookdagi sahifasida yozishicha, boshqa vazirlar ham jiddiy masalalarda shaxsiy fikr ayta olmaydi.

- Madaniyat vazirining Rossiya-Ukraina mojarosiga munosabatini eshitdingizmi? «Shaxsiy munosabatimni uyimga borsangiz aytaman», debdi. Shaxsiy fikrim uyda qolib ketibdi, demaptiyam. Aslida vazir bor gapni aytgan. Bunaqa jiddiy masalalarda shaxsiy fikr aytish uchun odam shaxs bo‘lish kerak. Sizningcha, shu savolga boshqa vazirlar bundan ortiq javob berarmidi? Qolgani ham bundan ortiq javob bermasdi. Chunki biz qabila-qabila bo‘lib fikrlaymiz. Shaxsiy fikrimiz uyda turadi... Uni minbarga chiqarib birovga ko‘rsatkilari yo‘q! Bir-ikkitasi ko‘rsatib nima bo‘ldi? Elga kulgi bo‘ldi! (Ko‘p go‘sht yeb qo‘yganimizni eslang... yoki tashqaridagi mardikorlardan soliq undirmoqchi bo‘lganimizni eslang...) Shuning uchun bizlardan hadeb shaxsiy fikr so‘ravermalaring! Davlat aka nima desa, shu.

Shuningdek, rejissyor Jamoliddin Bobojonov Twitterda vazirning javobiga nisbatan qisqa mulohazasini yozgan.

«Dahshat. Urush yomon. Har qanday urushga qarshiman deb qo‘y. Shunga ham saviya yetishmaydi. Bir begona ayolni uyiga taklif qilmoqda», – deb yozadi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat