
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Sankt-Peterburg shahri hamkor sifatida ishtirok etadi. Bu haqida yarmarka oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik.
Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra ko‘rgazma ilk bor homiylar ko‘magida tashkil etiladi.
“Biz ilk bor davlat budjet mablag‘larini ishlatmasdan, homiylar ko‘magida ushbu yarmarkani o‘tkazamiz. Mahalliy hamkorlar bilan bir qatorda TXTYA-2022 tashkilotchilari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri meriyasi bilan kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning shimoliy poytaxti Sankt-Peterburg shahri 27-TXTYAning hamkor shahri sifatida ishtirok etadi”, - deydi turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.
Poytaxtda 30 noyabrdan 2 dekabrga qadar "Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi - 2022” bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Yaponiya kabi 15 dan ortiq mamlakatlarning milliy stendlari va turizm ma’muriyat mutasaddilari ishtirok etadi.
Yarmarkada Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR), Mangold Consulting GmbH, TUI Group Germany, Trip.com xalqaro onlayn turistik agentligi vakillari ishtirok etadi.
Abduhakimov aytishiga ko‘ra, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar yildan yilga ko‘paymoqda. 2021 yilda 1 mln 800 nafar sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yili noyabr oyiga qadar sayyohlar soni 4 mlnga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘p.
Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasi 1995 yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar