
Qiziq odatimiz bor, odatda kattalar uchun ishlayotganday bo‘lamiz. Masalan, viloyatlarda yoki poytaxtimizning o‘zida ham mamlakatimiz rahbari tashrifi oldidan bir kunda yo bir kechada “ulkan bunyodkorlik” ishlarini bajarishga ulguramiz. Yillab o‘nqir-cho‘nqir turgan ko‘chalarga asfalt yotqizilib, devorlar oqlanadi, daraxtlar butalib, kerak bo‘lsa, yangilari o‘tqaziladi. Bu ishlar xalqni o‘ylab emas, “bir kishini rozi qilish” uchun, aniqrog‘i ko‘zini bo‘yash uchun amalga oshirilayotgani afsuslanarli hol, albatta.
Vaholanki, bir yili mana shunday ko‘zbo‘yamachilikka “ko‘ngilli” ravishda chiqqan yoshgina o‘qituvchi ayol fojiali halok bo‘lgan va shu munosabati bilan davlatimiz rahbari mahalliy amaldorlarni jiddiy tanqid qilib: “devorni bo‘yab qo‘yganlaring bilan uning orqasi qanaqa ekanini men juda yaxshi bilaman”, degandi. Shunga qaramay bunaqa ishlar to‘xtagani yo‘q...
Raqamlar, quruq hisobotlar ortidan quvish bilan ish bitmaydi. Yaqinda «Mahallabay» agentligi e’lon qilgan “mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2,4 mln ish o‘rni yaratilgan”i haqidagi ma’lumot ham ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan qattiq tanqid qilindi.
“...shishirilgan. Yasalgan 2,4 mln emas, balki haqiqiy raqamlar haqida gaplashsak, unda hokim yordamchilari nima uchun kerak? — degan savol yana qiynashni boshlaydi, deb yozgan iqtisodchi Mirkomil Xolboyev. “Agar bu raqamlar haqiqiy bo‘lsa, yurtimizda ishsizlar qolmasdi-ku?!”, deydi yana bir foydalanuvchi haqli ravishda ajablanib.
Ko‘chat ekish haqidagi tashabbus ham qo‘l uchida bajarilgani bot-bot va albatta foto va video faktlari bilan tarmoqlarda yoritilmoqda. Birgina shu xayrli tashabbus ortidan xalqning millionlab mablag‘i havoga uchyapti yoki qaysidir “mas’ul”larning hamyonini qappaytiryapti.
Andijonlik taniqli bloger Otabek Nuritdinov o‘zi yashayotgan hudud – Asaka tumanini ko‘kalamzorlashtirish uchun juda ko‘p harakat qildi.har qalay ko‘chatchilik sohasi, ularning savdosi va narx-navosi haqida uncha-muncha tushunchasi bor. Otabek feysbukdagi postida qimmatbaho ko‘chatlarning qarovchizlik qurib yotganiga e’tibor qaratdi:
“Donasi 12 mln, 6, 4, 3, 2, 1 mln so‘mlik ko‘chatlarni olib ekkuncha, sal ko‘rpaga qarab oyoq uzatsak bo‘lmaydimi? Bunday qimmat daraxtlarni ekkandan keyin, hech yo‘q qarovini yaxshilash kerak edi. Yuzlab mln.li ko‘chatlarni quritib, kim ishonadi xaqiqatdan ekilganiga?
...Buncha katta pullar moliyadan chiqadi. Moliya qanday chiqarayotgani qiziq...”
Xabaringiz bor, kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga borgan edi. Davlatimiz rahbari “Navoiy viloyati so‘nggi 2 yilda oliy ta’limga kirishda respublikada yuqori o‘rinni egallayotgani”ni ta’kidlab, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, yoshlarning ma’naviyatiga e’tibor ham ko‘ngildagidek emas. Bu boradagi ishlarimizda ham “xo‘jako‘rsin”lik hukmron.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlarning faoliyati oddiy odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q. Qancha harakat qilinmasin, bu borada bo‘shliqni to‘ldirib bo‘lmayapti. Yoshlar adabiyotdan, ma’naviyatdan uzoq qolayotgani barcha ziyolilar qatori mamlakatimiz rahbarini ham tashvishlantirishi turgan gap.
Ayni shu muammolarni nazarda tutgan prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat yoshlari bilan suhbatda maktablar kechki soat 18:00 dan keyin yopiq turganini tanqid ostiga olib, maktablarda kechki payt mushoiralar qilib, gulxan yoqib, atrofida bayramlar o‘tkazish kerakligini aytgan edi. Bu yerdagi gulxandan maqsad oddiy obrazli qilib tushuntirish ekanini menimcha yosh bola ham tushunadi. Ya’ni hisobot uchun emas, nomiga emas, balki samimiy va chiroyli tadbir o‘tkazish nazarda tutilgan edi.
«Nimaga maktablarda kechki payt mushoiralar bo‘lmaydi? Gulxan yoqib, atrofida bayramlar bo‘lmaydi? Buni ham qilish kerak», degan edi Prezident.
“Ushbu tadbir Prezident taklifidan so‘ng bir kun o‘tmay o‘tkazildi, ya’ni topshiriq zudlik bilan bajarilgan. Mamlakat rahbari Navoiydagi safari chog‘ida hududni rivojlantirishga oid o‘nlab takliflar ham viloyatdagi sessiyada kiritilgan.
Ajab, navoiylik mutassadilar berilgan topshiriqlarning eng osonidan boshlashibdi-da!!! Shu bilan topshiriqlarning barchasi bajarildi, deb beriladigan hisobotlar tayyorda!!!” deb o‘z munosabatini bildirgan blogeruz kanali adminlari.
Rostdan ham, qachongacha salla desa, kalla olib kelaveramiz?! Haybarakallachilikning oxiri bormi? Bunday yondashishdan foyda chiqmayotganini hamma ko‘rib-bilib turibdi-ku?
Eng asosiysi, mana shu “tashabbus” yonadiyu so‘nadi. Erta-indin unutiladi. Yana eski hammom, eski tos, deb yurilaveriladi. Lekin mutasaddilar uchun “aytildiyu bajarildi” degan hisobot tayyor. Asli jo‘yali, mantiqli va manfaatli tashabbuslar, topshiriqlar shu kabi haybarakallachilik, yengil-yelpi munosabatlar, ko‘zbo‘yamachiliklar natijasida ermakka aylanyapti. Xuddi rus masalchisi Krilovning “Kvartet”idagi kabi mahoratsiz mashshoqlarga kunimiz qolganday...
Ahmad Ali
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar